“Bola puli”ni qaytarib beraylik...
"Bu bolani haqqi uni qaytarib beraylik. U kambagʻalmi, boymi u bolani puli".
Oliy majlis qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining aʼzosi Rasul Kusherbayev “2 yoshgacha boʻlgan bolalarga beriladigan “bola puli”ni qaytarib beraylik” sarlavhasi ostida post qoldirdi. Postda oʻzining “Oʻzbekiston-24” telekanali orqali efirga uzatilgan intervyusini ham joyladi. Intervyuda shunday deyilgan:
– 2 yoshgacha “bola puli” haqida bizga ayollardan, yosh onalardan juda koʻp murojaatlar boʻladi. Bu “sut puli” deyiladi. Bu bolani puli. Biz buni olib tashladik koʻpchilikdan. Endi oʻsha kam taʼminlanganga toʻgʻri kelsagina berish kerakmi? Aslida dunyo amaliyotini koʻraylik. Bu bolani haqqi uni qaytarib beraylik. U kambagʻalmi, boymi u bolani puli. Iltimos shu masalani Vazirlik tashabbus koʻrsatib, 44-sonli tartibda buni alohida koʻrsatsa...
Mazkur mavzu ham katta muhokamalarga sabab boʻldi. Ulardan eʼtiborga moliklarini havola etamiz:
Chaqmoq Chaqmoq:
- Davlat ishida ishlamaganidan qatʼiy nazar berilsin. Chunki, bola uchun bu pullar hech narsa emas, ota-onasi oylik maosh olgani bilan 5-6 million olmaydiku. Eng koʻp olsa, 1 mln 800 ming soʻm oladi. Bu bitta roʻzgʻorga yetmaydi.
Ismigul Shayhuddinova:
- Juda toʻgʻri, nega “kam taʼminlanganlarga” degan gapga yopishib olishdi. Oʻzbekistonni barcha fuqarolarining haqqi bor shu davlat byudjetida.
Dilnoza Nosirova:
- Deputat Rasul Kusherbayevning fikrlarini toʻla qoʻllab-quvvatlayman. Bugungi kunda fuqarolardan eng koʻp tushayotgan murojaatlardan biri aynan shu masala. Agar 2 yoshgacha bola puli beriladigan boʻlsa, avvalo, ona bolasi sogʻlom boʻlishi uchun yaxshi yedirib-ichiradi, kiyintiradi. Bolasini yosh holida qarovsiz tashlab, roʻzgʻori uchun ishga chiqmaydi, bola esa onani mehridan bahramand holda ulgʻayadi. Umuman olganda, barcha 2 yoshgacha bolasi bor onalarga “bola puli” berilsa koʻpgina muammolar kelib chiqishining oldi olingan boʻladi.
Qobiljon Aliyev:
- Shu pulni olishda ham pora aralashmasa berilmaydi. Kam taʼminlanganmi, farqi yoʻq, bir oylik pulni rais oladi. Soʻng boy ham kam taʼminlangan ham pulni olishni boshlaydi. Shaxsan bizda shunaqa, boshqa joylarni bilmadim.
Kamol Qodirov:
- 3-marta hujjat yigʻish uchun tushgan xarajatim 100 ming soʻm boʻldi. Na hujjat qaytarildi na puldan darak. Xullas, hech kimga pul yoʻq, ammo kaptivang boʻlmaydimi tilini topib pulini bersang 1 yoshdan 16 yoshgacha muammosiz olasan. Tanishi yoʻqni shoʻri bor.
Samad Mavlonov:
- Kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam degan yoʻnalish gʻirt poraxoʻrlikning oʻchogʻi boʻldi. Bu pulni olish uchun yo ikki-uch oyligidan mahalla raisi foydasiga voz kechasiz yo oldindan berasiz. Bizning mahallada 3 nafar yetimlarga yillar davomida moddiy yordam yozib mahalla oqsoqolining oʻzi olib yotgan ekan, bolalarning onasi beva ayol buni bilmagan ham.
Fayzulla Normamatova:
- Juda real taklifni berdingiz Rasuljon. Bola puli,sut puli berish, aslida Umar Razialloxu anxu davrida joriy etilgan, yaʼnikim emizikli bolalarni onalari tashlab, boylarni uy yumushlarini qilib, kirlarini yuvib choy-chaqa ishlaganlar, sut emadigan bolalar och qolib, oʻlish holatlari koʻp boʻlgan ekan, shu holatlarni aniqlagan Xalifa Umar r.a. ikki yoshgacha sut puli berishni joriy qilganlar.
Hasan Moʻminov:
- Kelajak avlodning sogʻlom boʻlib voyaga yetishi uchun ham bola pulini berish muhim ahamiyatga ega. Sut puli olgan oila, eng avvalo, shu pulni goʻdagiga ishlatadi.
Lola Man:
- Ota onasini hozirgi zamon talabidagi oylik bilan taʼminlab qoʻysa, shu bolaga beriladigan chaqaning keragi ham yoʻq! Bola puli koʻp boʻlsa 500 ming soʻm beradi, xoʻsh bitta kasha 210 ming soʻm. Bu kashani 3 kun ichadi, bir oyda bunaqa kashaning necha bankasini ichadi? 500 ming soʻm nima boʻladi?
Akmal Kuldashev:
- Bu mavzu, yaʼni 44-sonli qaror oʻzi rosa chalkash. 2 yoshgacha bola pulini ijtimoiy toifaga ajratmasdan onalarga toʻliq berish, bu adolatdan. Bola tugʻilganda avtomatik tarzda tayinlanishi kerak. Mayli miqdori biroz kamaytirilsa ham hammaga bersa adolatdan boʻlar edi.
Koʻtarilgan masala juda koʻpgina yosh onalarning muammosi edi. Umid qilimizki, mutasaddi va masʼullar 2 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun beriladigan “bola puli”ni yana qaytadan koʻrib chiqishadi.
Manija BAHRIYEVA,
jurnalist