Bola parvarishi bo‘yicha nafaqa berish tartibi qanday?
Savol: 2 yoshgacha bola parvarishi bo‘yicha hamda 14 yoshgacha bolali oilalarga nafaqa berish tartibi qanday bo‘ladi?
Yuridik klinika
Javob: Vazirlar Mahkamasining "Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida"gi qarori fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa (bolali oilalarga nafaqa), bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa (bola parvarishi bo‘yicha nafaqa) va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.
Qarorning 8-bandiga ko‘ra, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 52,7 foizidan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.
Oila tarkibiga kimlar kiritilishi qarorning 19-bandida keltirilgan. Unga ko‘ra, oila tarkibiga bolalarning otasi, onasi yoki nikohdagi har ikki ota-onasi (farzandlikka oluvchilar), ota-onalar bilan birga yashaydigan va ularning qaramog‘ida bo‘lgan bolalar, shuningdek, ota-onalar bilan birgalikda yashaydigan va o‘z oilalariga ega bo‘lmagan 16 yoshdan katta yoshdagi bolalar kiradi.
Qarorning 12-bandida bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining yashash joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan oila boshlig‘i yoki boshqa muomalaga layoqatli oila a’zosining yozma arizasi asosida, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa – bolaning onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning arizasi asosida tayinlanishi ko‘rsatilgan.
Alohida hollarda, oilada muomalaga layoqatli a’zolar bo‘lmagan taqdirda nafaqa va moddiy yordam oila a’zolarining yozma arizasisiz fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisining taqdimnomasi bo‘yicha tayinlanishi mumkin.
Bunday holda ariza fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi nomiga yoziladi.
Arizaga oilaning tarkibi va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar, bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish uchun – bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxalari, yashab turgan joyi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun — doimiy yashash (doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan) joyi bo‘yicha bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlanmaganligi va to‘lanmaganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma ilova qilinadi.
Oilaning moddiy va mulkiy holatini tekshirish natijalari bo‘yicha maxsus komissiya bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olishga ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantiradi hamda ularni ushbu kalendar oyi tugashidan kamida besh kun oldin ko‘rib chiqishi uchun fuqarolar yig‘ini yoki Komissiyaga kiritadi. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, moddiy yordam tayinlash yoki uni tayinlashni rad etish to‘g‘risidagi qaror fuqarolar yig‘ini (Komissiya) tomonidan ochiq ovoz berish (oddiy ko‘pchilik ovozi bilan) yo‘li bilan qabul qilinadi.
Ushbu material TDYUUning “Yuridik klinika”si talabalari tomonidan o‘qituvchilar nazorati ostida tayyorlandi.
O‘zA