Bokschilarimizning shashti baland
“Olimpiya shaharchasi”da davom etayotgan U15 va U17 Osiyo chempionatida qit’aning 21 davlatidan tashrif buyurgan 500 nafardan ortiq yosh bokschi medallar uchun bahs olib bormoqda.
Ayni damda chempionatning U15 yosh toifasida final bellashuvlari tashkil etilmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi vakillari kunning birinchi yarmida 6 ta oltin va 4 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Jumladan, qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda Odina Yusupova, Sarvinoz Zoirova, Zebiniso Abdullayeva, Bahora Mahmudjonova, Zahro Daniyarova hamda Malika Ulug‘bekova final janglarida g‘alaba qozonib, Osiyo chempioni bo‘ldi.

Shuningdek, o‘z vazn toifalarida Ominaxon Nosirova, Muqaddas Zokirova, Xonzodabegim Baratova hamda Shahona Mullajonova kumush medalni qo‘lga kiritdi. Birozdan so‘ng musobaqada yana 11 nafar bokschimiz Osiyo chempionligi uchun bahslarga kiradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA