Bokschilarimizda yetti medal
Rossiyada boks bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda munosib ishtirok etgan sportchilarimiz 1 oltin, 5 kumush va 1 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.
Rossiyada boks bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda munosib ishtirok etgan sportchilarimiz 1 oltin, 5 kumush va 1 bronza medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi.Maxachqal’a shahri mezbonlik qilgan turnirda yigirmaga yaqin davlatdan 200 ga yaqin bokschi g‘oliblik uchun ringga chiqdi.
Vazni 56 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasidagi bellashuvlarda hamyurtimiz Abdulxay Shorahmatov dastlabki jangda armanistonlik Garnik Xarutunyan, chorak finalda qozog‘istonlik Janbolat Qidirbayev, yarim finalda rossiyalik Abdulhakim Botirovni yengib, hal qiluvchi bahsga chiqdi.
Finalda iqtidorli bokschimiz mezbonlar vakili Ahmad Abdullayev bilan kuch sinashdi. Mustahkam himoya va kuchli texnikaga ega bokschimiz yakunda raqibini 3:0 hisobida yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Hamyurtlarimizdan Abdulla Qo‘chqorov, Azizbek Otajonov, Anvar Turopov, Akmalbek Qosimov, Ulug‘bek Mubinov o‘z vazn toifasida finalgacha yetib borib, kumush medal bilan taqdirlandi. Sardor Muzaffarov esa bronza medalni qo‘lga kiritdi.