Bojxonada ushlab qolingan noyob ashyolar uzoq o‘tmishdan so‘zlaydi
Termiz arxeologiya muzeyida “Yangi O‘zbekistonda yangi imkoniyatlar: O‘zbekiston bojxonasi – milliy merosimiz posbonlari” nomli hisobot ko‘rgazmasi ochildi.
Mintaqamizdagi yagona Termiz arxeologiya muzeyi va Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida olimlar, arxeologlar, soha vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Termiz arxeologiya muzeyi direktori Sherzod Radjabov, viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohro‘z O‘ralov va boshqalar mamlakatimizda ajdodlardan meros qolgan moddiy va nomoddiy boyliklarni avaylab-asrab, kelgusi avlodlarga yetkazish, ilmiy o‘rganish, boy tariximiz va madaniyatimizni dunyoga keng tarannum etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Bunday noyob ashyolarning g‘ayriqonuniy xorijga chiqib ketishining oldini olishda sergak bojxonachilarimizning xizmatlari beqiyos ekani qayd etildi. Bu jarayonda bojxona organlari, muzeylar va soha mutaxassislarining o‘zaro hamkorligi o‘z samaralarini berayotgani haqida fikr almashdi.

Ko‘rgazmadan bojxonachilar ushlab qolgan turli davrga oid 256 ta o‘tmishda zarb berib yasalgan qimmatbaho tangalar, zirak, uzuk, bilakuzuk, medalon va boshqa nafis taqinchoq hamda buyumlar joy olgan. Ulardagi tasvir, yozuv va bezaklar qadimgi ajdodlarimiz hayotidan ma’lumot beruvchi muhim manba bo‘lib, nafis hunarmandlik an’analari, savdo aloqalari va madaniy turmushini namoyon etadi.

– Bojxonachilarimizning hushyorligi bilan asrab qolingan har bir tarixiy buyum – ilm-fan uchun muhim tadqiqot manbai, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohro‘z O‘ralov. – Muzey uchun qimmatli eksponat, yoshlar uchun o‘tmishni anglash imkoniyati. Birgina ashyo ortida hali o‘qilmagan yozuv yoki ochilmagan tarixiy ma’lumot bo‘lishi mumkin.

Nodir ko‘rgazmadan o‘rin olgan ashyolar bojxona xodimlarining milliy merosimizni avaylab-asrash va muhofaza qilishga qo‘shayotgan ulkan hissasini namoyon etib, yosh avlod hamda chet ellik mehmonlarga tarixiy boyliklarimiz bilan yaqindan tanishishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri