Bojxonachilar tamaki mahsulotini ushlab qoldi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Ayritom” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan mamlakatimizga o‘tish uchun kirib kelgan yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilganda rentgen tasvirlari shubha uyg‘otdi.
Shu bois Tolib Ashurov (ism-sharif o‘zgartirildi) boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi chuqurlashtirilgan bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgach, uning kabinasiga 421 quti “Esse change” nomli sigaret mahsuloti joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

Viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohro‘z O‘ralovning xabar berishicha, mazkur chegara bojxona postida yana bir holatda 300 quti “Esse change” sigareti yuk avtotransport vositasining salon o‘rindiqlari orqa qismiga berkitilgani aniqlandi.
Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari dastlabki tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxslar bojxona chegarasi orqali 10 qutidan ko‘p bo‘lmagan tamaki mahsulotini mamlakatimizga olib kirishga ruxsat etilgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri