Bojxonachilar o‘rganishlar o‘tkazmoqda
Joriy yilning 16 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida investitsiyalarni keng jalb etish va eksportni oshirish borasidagi ishlar natijadorligi hamda kelgusidagi asosiy vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilar zimmasiga bir qator kechiktirib bo‘lmaydigan topshiriqlar yuklatilgan edi.
Ana shu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyat bojxona boshqarmasi mutasaddilari tadbirkorlar bilan uchrashib, unda sohaviy masalalarni joyida hal qilish borasida zarur chora-tadbirlarni belgilab olishdi.
Ayni paytda bojxona omborlari va korxonalarning o‘z omborlarida bojxona nazorati ostida saqlanayotgan uskunalarni o‘rganish maqsadida Jizzax viloyati bojxona boshqarmasida tashkil etilgan ishchi guruh a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining viloyat mas’ullari bilan birgalikda Forish tumanida joylashgan “Eco cement’’ MCHJda bo‘lishdi.
Korxona tomonidan 2024 yilda import qilingan tovarlardan 11 dona qiymati 4 million 800 ming AQSH dollariga teng ishlab chiqarishda foydalanish uchun filtrlash uskunasi va sentrafuga ishlab chiqarilganligi aniqlandi. Korxona hududlarida saqlanayotgan ushbu tovarlardan kutilayotgan bojxona to‘lovlari 1 milliard 100 million so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari hamda Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining viloyat mas’ullari Do‘stlik tumanida joylashgan “Innovation engineering” MCHJdagi vaziyatni ham o‘rgandi.
[gallery-21355]
Ushbu o‘rganishlar jarayonida korxona tomonidan 2024 yilda import qilingan qiymati 953 ming 500 AQSH dollariga teng tomchilatib sug‘orish uskunalarining bugungi kunga qadar ishga tushirilmaganligi sabablari tahliliy o‘rganib chiqildi.
Har ikki korxona mas’ullari bilan o‘tkazilgan o‘zaro suhbatlardan so‘ng uskunalarni qisqa muddatlarda ishga tushirish va erkin muomalaga chiqarish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari