Bojxonachilar o‘rganishlar olib bordi
Bojxona organlari respublikamizga quyosh elektr panellarining olib kirilishi va ularning belgilangan standartlar asosida o‘rnatilishi ustidan bevosita nazoratni olib boradi.
Ayni shu maqsadda joylarda doimiy tarzda tashkil etilayotgan o‘rganishlarda quyosh elektr panellarini o‘rnatish va foydalanish bilan bog‘liq barcha masalalarga e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan yaqinda qurilish ishlariga start berilgan quyosh elektr stansiyasida ketayotgan ish jarayoni yaqindan o‘rganildi.

Mazkur stansiyaning barpo etilishi uchun Olot tumanidan 648 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, u Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan qurilmoqda.

Sayyor o‘rganishlarda quyosh elektr stansiyasining joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi borasida fikrlar almashildi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha, zaruriy chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ma’lumot uchun, 250 MVt li quyosh elektr stansiyasining loyiha qiymati 273 million dollarni va uning yillik ishlab chiqarish quvvati 635 million kVt/s ni tashkil etadi. Muqobil elektr energiya stansiyasi negizida 300 ming xonadon qo‘shimcha elektr energiya bilan ta’minlashi kutilmoqda.

Eng muhimi esa, mazkur stansiya ishga tushirilishi natijasida elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz sarfi yiliga 270 million kub metrga tejaladi. Natijada karbonat angidrid chiqindilarining 250 ming tonnagacha kamayishiga erishiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri