Bojxonachilar “mato” operatsiyasini fosh etdi
Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish borasida bojxona organlari tomonidan bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi “Ark-buloq” TIF bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda bojxona postiga xorijiy mamlakatdan olib kelingan trikotaj matolarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazdi.
Bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida bojxona ekspertizasi ham tayinlandi.
Ekspertiza xulosasiga asosan, bojxona rasmiylashtiruvi uchun taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasida “Trikotaj mato” deb ko‘rsatilgan tovarlar aslida “sun’iy tola hamda sun’iy iplardan bosilgan mato” tovarlari ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Qiymati 11 milliard 487 million so‘mni tashkil etgan mazkur “sun’iy tola hamda sun’iy iplardan bosilgan mato”tovarlari vaqtincha saqlovga olindi.
Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, ushbu tovarlar uchun 622,5 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.
Hozir mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.