Bojxonachilar ishi sarhisob qilindi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2023 yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar, bojxona boshqarmasi xodimlari qatnashdi.
Matbuot anjumani avvalida viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Qutlimuratov so‘zga chiqib, jamiyatning har bir bo‘g‘inida faol bo‘lgan jurnalistlar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqaligina soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni fuqarolarimizga to‘laqonli yetkazib berish mumkinligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, boshqarma tomonidan joriy yilning yanvar - mart oylarida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi va mavzu yuzasidan jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan batafsil tushuntirishlar berildi.
[gallery-11969]
Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyatining tashqi savdo aylanmasi 401,1 million AQSH dollarni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan (375,7 million) 25,5 million AQSH dollariga yoki 6,8 foizga oshgan. Shundan eksport 60,5 million AQSH dollarni, import 340,7 million AQSH dollarni tashkil etgan. Soliqqa tortilmaydigan import 70,6 million AQSH dollar yoki jami importning 20,7 foizini, soliqga tortiladigan import 269,9 million AQSH dollar yoki jami importning 79,2 foizini tashkil qilgan.
Import qilingan tovarlarga nisbatan 672,29 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovlari hisoblandi. Shundan, 246 milliard so‘m qismiga bojxona to‘lovlaridan imtiyozlar berildi. Qolgan 426,3 milliard so‘m qismi Davlat byudjetiga undirilib, birinchi chorak uchun belgilangan 400 milliard so‘mlik reja 106,6 foizga bajarildi. 1475 ta xavfdan 489 tasi yoki 33,2 foizi o‘z tasdig‘ini topib, qo‘shimcha 13,79 milliard so‘m bojxona to‘lovlari undirilishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning shu davrida 1081 ta xavfdan 273 tasi yoki 25,3 foizi o‘z tasdig‘ini topib, qo‘shimcha 2,4 milliard so‘m bojxona to‘lovlari undirilishi ta’minlangan. Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postida bo‘lishdi. Bojxona organlarida joriy etilgan deklaratsiyalarni avtomatik ro‘yxatga olish tizimi bilan yaqindan tanishishdi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlarni qiziqtirgan savollarga soha xodimlari tomonidan to‘liq va batafsil javob berildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA