Bojxona xodimlari tadbirkorlar huzurida
Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarish, yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini joriy qilish va ishchi o‘rinlarini yaratish bugungi kunda asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lib kelmoqda.
Shu munosabat bilan, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning eksport faoliyatiga doir muammolari yechimini hal etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday uchrashuvlarning yana biri, poytaxtimizning Yashnobod hududida joylashgan “Texnopark” MCHJ korxonasida tashkil etildi.
Uchrashuvda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshlig‘i T.Saidov, Bojxona nazoratini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Sh.Xudoyorov hamda “Toshkent-tovar” TIF bojxona posti boshlig‘i U.Qodirovlar ishtirok etib, korxonaning ish faoliyati, yaqin va uzoq yillik loyihalari bilan tanishdi.
Unda korxona vakillarining eksport-import jarayonlari bilan bog‘liq muammo va takliflari tinglanib, shu yerning o‘zida ularning ijobiy yechimlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda bojxona sohasiga oid qabul qilingan muhim qaror va farmonlar mazmun mohiyati tushuntirilib, bugungi kundagi raqamli bojxona raqamli iqtisodiyotning uzviy bir bo‘lagi sifatida yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarda muhim ahamiyat kasb etayotganligi, sohaga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy qilinganligi natijasida tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining yuklari tez fursatlarda, inson omilisiz “Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan” tizimi doirasida elektron bojxona yuk deklaratsiyalari “yashil”, “sariq” hamda “qizil” yo‘laklarga taqsimlangan holda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilayotganligi, bojxona postlarida eksport jarayonlari esa 24 soat mobaynida amalga oshirilib kelinayotganligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida korxona vakillari mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan isloxotlardan mamnun ekanliklarini ta’kidlab, davlatimizni iqtisodiy jihatdan rivojlantirish hamda xalqimiz farovonligini ta’minlashda tunu-kun xizmat olib borayotgan soha vakillariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari asosida korxona tomonidan bojxona to‘lovlaridan 583,9 milliard so‘m imtiyoz qo‘llanilgan holda Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreya, Rosssiya va boshqa Yevropa davlatlaridan qiymati 53,5 million AQSH dollariga teng bo‘lgan zamonaviy asbob-uskuna va xomashyolar olib kelingan.
Korxona tomonidan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ”Techno Export” korxonasi bilan hamkorlikda qiymati 56 million AQSH dollarlik “maishiy texnika” tovarlari Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Ukraina va boshqa MDH davlatlariga eksport qilingan va korxonada 3500 mingdan ortiq ishchi o‘rinlari yaratilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda yuqori quvvatli, halqaro standartlarga javob beradigan mahsulotlarni ishlab chiqarish kelgusida import hajmining kamayib, raqobatbardosh milliy mahsulotlarning eksporti ortishini ta’minlaydi. Shuningdek, yalpi ichki mahsulot hajmida ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlar hajmi ortadi. Mahalliy aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash imkoniyati kengayadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bu kabi islohotlarning tub zamirida albattaki, inson manfaatlari yotadi. Ushbu jarayonda esa tadbirkorga yaqindan ko‘makchi bo‘lish bojxonachilarning har biriga daxldordir.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi
axborot xizmati
O‘zA