Bojxona tizimidagi imtiyozlar samarasi
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasida Davlat bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi mutaxassislari tadbirkorlar bilan uchrashdi.

Tadbirda Prezidentimizning 2022 yil 28 dekabrdagi qarori bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi bo‘yicha tovarlarni tasniflanishida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida bir qator qulayliklar yaratilganligi yuzasidan tushuntirish berildi. Bojxona organlari tomonidan tovarlarni tasniflanishida dastlabki qarorlarni berish jarayonlari raqamlashtirilganligi, ushbu dastlabki qaror qabul qilish to‘g‘risidagi so‘rovnomada tovarning to‘liq tijorat nomi, asosiy texnik va tijorat tasniflari uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda bojxona organlariga elektron (https://new.customs.uz) murojaat etishlari mumkinligi ta’kidlandi. Shuningdek, bojxona organlarida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash, sohani korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirkorlarning eksport va import tovarlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha savollariga mas’ullar tomonidan batafsil javob berildi.

Uchrashuv yakunida tadbirkorlarga bojxona sohasiga doir murojaatlari yuzasidan bojxona qo‘mitasining qisqa “11-08” hamda viloyat bojxona boshqarmasining (67) 225-48-67 raqamli “Ishonch” telefoniga murojaat qilish mumkinligi eslatib o‘tildi.
Sh.Suyarov, O‘zA