Bojxona tizimida islohotlar samarasi
FOTOREPORTAJ
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bojxona tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining tegishli farmon va qarorlari asosida bojxona jarayonlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, “Yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish, xavflarni avtomatik tahlil qilish tizimini joriy etish hamda sun’iy intellekt elementlaridan foydalanish kabi muhim chora-tadbirlar hayotga tatbiq etildi.
Natijada eksport va import operatsiyalarini rasmiylashtirish muddatlari qisqarib, inson omili sezilarli darajada kamaydi. Shu bilan birga, bojxona tushumlari va tashqi savdo aylanmasida barqaror o‘sish kuzatildi.
Xususan, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 2025 yil davomida iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va qonuniylikni mustahkamlash yo‘nalishida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
2025 yil yakunlariga ko‘ra, viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan davlat byudjetiga 2 trln so‘mdan ortiq bojxona tushumlari ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 699 mlrd so‘mga yoki 53 foizga oshgani bilan ahamiyatlidir. Bunday natijalar bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish, raqamlashtirish va samarali nazorat mexanizmlarini joriy etish bilan izohlanadi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, yil davomida 237 ta tadbirkorlik sub’ektiga jami 1,2 trln so‘m miqdorida bojxona imtiyozlari taqdim etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 88 foizga yuqori bo‘lib, tadbirkorlikni rivojlantirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
[gallery-27308]
Shu bilan birga, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash, aholi salomatligi va jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalari ham bojxona organlari faoliyatida ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. 2025 yilda 839 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, umumiy qiymati 30,1 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan tovarlar qonuniy muomaladan olib qo‘yildi. Bu chora-tadbirlar noqonuniy tovar aylanmasini cheklash va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurash masalasi ham bojxona tizimida ustuvor va o‘zgarmas tamoyil sifatida belgilangan. Inson omilini kamaytirish, bojxona postlari infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamda xizmatchilar uchun shaffof va munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Doston QALANDAROV (surat), O‘zA