Bojxona rasmiylashtiruvi takomillashmoqda
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil qilindi.
“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil qilindi.Toshkent shahar adliya va soliq boshqarmalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari, bojxona rasmiylashtiruvi mutaxassislari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, yalpi ichki mahsulotda xususiy mulk ulushini oshirishga qaratilgan islohotlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq tadbirkorlik subyektlariga bojxona sohasida ham qator qulayliklar yaratildi.
Jumladan, shu yilning 1-iyulidan boshlab tadbirkorlik subyektlari tomonidan e’tiroz qilinadigan qo‘shimcha hisoblangan bojxona to‘lovlarini xo‘jalik sudi qarori asosida undirilishi tartibi joriy qilindi.
Farmonda tijorat maqsadida foydalanish uchun tovar olib kirayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini yanada soddalashtirish, ayrim hujjatlarni bekor qilish va qisqartirish belgilangan bo‘lib, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi, tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, turli litsenziya va sertifikatlar talab qilish tartibi bekor qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-iyuldagi “Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatini tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq tovarlarni eksport qilganda faqat shartnoma, bojxona yuk deklaratsiyasi, transport hujjatlari va tovarga ilova qilinadigan hujjatlar talab qilinadi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan eksport va import amaliyotlari chog‘ida zarur bo‘ladigan 30 turdagi ruxsat etuvchi hujjatlar Davlat bojxona qo‘mitasida yaratilgan elektron dasturlar orqali bevosita o‘sha davlat organidan olish imkoniyati yaratildi.
Seminarda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining savollariga mutaxassislar javob berdi.