Bojxona postiga press-tur uyushtirildi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi bojxona postlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari hamda bojxona organlari tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga yaratilgan qulayliklar bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida “Olot” chegara bojxona postiga press-tur tashkil etildi.
Dastlab ommaviy axborot vositalari vakillariga chegara bojxona posti haqida tushuntirishlar berildi. Shundan so‘ng esa, post infratuzilmasi, ish tartibi bilan bir qatorda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga yengilliklar yaratish maqsadida amaliyotga joriy etilayotgan yangiliklar birma-bir tanishtirib o‘tildi.
Olot chegara bojxona postida 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida kirish va chiqish yo‘nalishida jami 72 746 ta yuk avtotransport vositasi harakatlangan. Bu ko‘rsatkichlar 2023 yilning mos davri bilan taqqoslanganda 7 748 taga oshgan. Joriy yil boshidan beri bojxona posti xodimlari tomonidan 132 ta bojxona qonunbuzarlik holati bartaraf etilishi natijasida qariyb 50 milliard so‘mlik noqonuniy tovarlar aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Press-tur davomida Yangi O‘zbekistonning yangi bojxonasini barpo etishdek islohotlar amalga oshirilayotgan bir vaqtda “Olot” chegara bojxona posti infratuzilmasini yanada yaxshilash maqsadida hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘zdan kechirildi.
Press-tur ishtirokchilari bojxona tizimida raqamlashtirish sohasidagi ijobiy yangilanishlar yuzasidan xalqaro yuk tashuvchilar va fuqarolarning fikrlarini bevosita o‘rganib bordi.
–7-8 yil davomida yuk tashiyman, –deydi Turkiya fuqarosi Boris Boz. –Bugun ham Ukrainadan Qozog‘istonga yuk tashiyapman. Har doim O‘zbekiston chegarasiga kelganimda meni yaxshi kutib olishadi. Barcha sharoitlar yaratilgan. 20-30 daqiqa davomida mashinamdagi yuklarimni tekshirib, chegaradan chiqarib yuborishadi. O‘zbekiston chegarasida vaqtimizni olib, ortiqcha ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘yishmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq “Olot” chegara bojxona postining yo‘l qoplamasini temir-beton qoplamaga almashtirish ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Ushbu obodonlashtirish ishlariga qariyb 27 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan bo‘lib, xalqaro standartlarga to‘la javob bera oladigan ravon yo‘llar bojxona postidan harakatlanuvchi fuqarolar hamda avtotransport vositalari uchun xizmat qilmoqda.
–Shuningdek, “Olot” chegara bojxona posti terminali O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni ijrosi yuzasidan 28 gektar yer maydoni hududida barpo etilmoqda, – deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Asror Muqimov.
[gallery-19507]
– Mazkur bojxona terminali 1000 dan ziyod yuk avtomashina sig‘imiga ega avtoturargoh, bojxona ombori, markaziy bino, mehmonxona, savdo markazlari hamda oshxonalarni o‘z ichiga oladi. Bojxona terminali to‘liq formatda ishga tushgandan so‘ng jami 150 nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlay oladi.
Qisqa qilib aytganda, bundan 28 yil muqaddam tamal toshi qo‘yilgan “Olot” chegara bojxona posti bugungi kunga kelib, tubdan yangilandi. Xalqaro maqomdagi bojxona posti talablariga to‘la javob beradigan holatda faoliyat ko‘rsatmoqda. Ko‘hna va boqiy Buxoroning nafasi ufurib turgan “Olot” chegara bojxona postida 24 soatdan iborat uzluksiz ish rejimi tashkil etilgan bo‘lib, unda 92 nafar bojxona organi xodimi tunni kunga ulab, davlatimiz iqtisodiy xavfsizligi, chegaralarimiz va fuqarolarimiz daxlsizligi yo‘lida xizmat olib bormoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari