Bojxona instituti bitiruvchilariga diplom va leytenant unvonlari tantanali topshirildi
Bojxona institutida navbatdagi bitiruvchilarni katta hayotga kuzatishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Tadbirda institutni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlarga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomlar hamda leytenant harbiy unvonlari topshirildi.
Marosim O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini maydonga olib kirish va Davlat madhiyasining tantanali ijrosi bilan boshlandi. Unda Bojxona qo‘mitasi raisi, general-mayor Akmalxo‘ja Mavlonov ishtirok etib, bitiruvchilarni muhim hayot bosqichi bilan samimiy qutladi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda inson qadri, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilayotgan bugungi kunda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, yuksak ma’naviyatli yoshlar taraqqiyotning hal qiluvchi kuchiga aylanmoqda.
Shu bois bojxona tizimini takomillashtirish, iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash va sohada shaffoflikni kuchaytirish yuqori malakali kadrlarga bog‘liq.

Qayd etilganidek, Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlarda bojxona sohasi uchun raqobatbardosh, zamonaviy bilimlarga ega mutaxassislarni tayyorlash, ta’lim jarayonini xalqaro standartlar asosida tashkil etish ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgan. Bu esa Bojxona instituti zimmasidagi mas’uliyat yanada ortib borayotganini anglatadi.
So‘nggi yillarda institut kursantlari respublika va xalqaro sport musobaqalari hamda intellektual tanlovlarda munosib ishtirok etib, qator muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Shuningdek, institut xodimlari va kursantlari boks, taekvondo, karate, kurash, badminton, stol tennisi hamda shaxmat bo‘yicha respublika va xalqaro musobaqalarda faol qatnashib, mamlakatimiz bayrog‘ini xalqaro arenalarda munosib himoya qilib kelmoqda.
Marosimning eng hayajonli lahzalari diplomlarni topshirish jarayonida namoyon bo‘ldi. Institutni a’lo baholar bilan, ya’ni qizil diplom asosida tamomlagan bitiruvchilar diplomlarini shaxsan Bojxona qo‘mitasi raisi qo‘lidan qabul qilib oldi.

Shu bilan birga, o‘qish va xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan hamda bojxona organlari nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shgan uch nafar kursant ilk bor Bojxona qo‘mitasi raisi stipendiyasi bilan taqdirlandi. Qolgan faol va iqtidorli yoshlarga esa qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Bugungi kunda institutda tahsil olayotgan 358 nafar kursantning 270 nafari IELTS va CEFR kabi xalqaro hamda milliy sertifikatlarga ega. Ularning 128 nafari xorijiy tillarda professional darajada muloqot qilish imkoniyatiga ega ekani ta’lim muassasasida olib borilayotgan ishlar samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
Institutning xalqaro hamkorlik aloqalari ham yil sayin kengayib bormoqda. Ayni paytda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Xitoy, Rossiya, Vengriya, Belarus, Koreya Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Latviyaning ixtisoslashgan ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, kursantlar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda o‘z bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlab, respublika va xalqaro miqyosdagi xakatonlar, fan olimpiadalari, forumlar va konferensiyalarda munosib ishtirok etib kelmoqda.
Tadbir yakunida bitiruvchilar ustozlariga minnatdorlik izhor etib, institut bilan xayrlashdi.
Shundan so‘ng bitiruvchilarning tantanali marshi bo‘lib o‘tdi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA