Bojxona brokerlari faoliyati rivojlanmoqda
2016-yil 21-apreldan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi sohaga oid qonunchilik normalari sifatini oshirish, ularni hayotga tatbiq etishning ishonchli mexanizmlarini yaratishda muhim omil bo‘ldi.
2016-yil 21-apreldan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi sohaga oid qonunchilik normalari sifatini oshirish, ularni hayotga tatbiq etishning ishonchli mexanizmlarini yaratishda muhim omil bo‘ldi.Kodeks asosida broker xizmati huquqiy maqomga ega bo‘ldi. Bojxona brokeri – bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha operatsiyalarni deklarantning yoki vakolatli shaxsning topshirig‘iga binoan va uning nomidan shartnoma asosida amalga oshiradigan, tegishli ruxsatnoma olgan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi hisoblanadi.
Ayni paytda bojxona brokerlari tovar ayirboshlashni tartibga solish, bojxona organlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda muhim yordamchi tuzilma sifatida faoliyat yuritayotir. Ularning qonunchilikni mukammal bilishi va amalda to‘g‘ri qo‘llay olishi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ishini yengillashtiradi. O‘z navbatida, bojxona tizimida xato va kamchiliklar kamayishiga, bojxona to‘lovlari to‘g‘ri va to‘liq undirilishiga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 25-iyuldagi “Bojxona brokeri sifatidagi faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsat berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori sohadagi ishlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan. Mazkur nizom 2016-yil 2-noyabrdan kuchga kirdi.
Nizom bilan brokerlarning ro‘yxatdan o‘tishi soddalashtirilib, hujjat topshirish bosqichlarida qator yengilliklar yaratildi. Endilikda bojxona brokeri sifatida faoliyatni amalga oshirishga ruxsatnoma olish uchun zarur hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga taqdim etilgach, qo‘mita xodimlari uni o‘n ish kunida ko‘rib chiqadi. Ruxsatnoma qo‘mita tomonidan belgilanadigan shaklda, amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi. Bojxona brokerlari xaqidagi axborot qo‘mitaning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq bo‘ladi.
Nizomga muvofiq bojxona brokerining deklarant yoki vakolatli shaxs bilan o‘zaro munosabatlari shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi. Bojxona brokerining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi bojxona brokeri va deklarant o‘rtasida tuzilgan shartnoma bilan cheklanishi mumkin emas.
Bojxona brokeri faoliyatini samarali tashkil etish nafaqat bojxona ishlarini yengillashtiradi, balki ishbilarmon va tadbirkorlarga ham qator qulayliklar yaratadi.