Bojxona boshqarmasida bayram tadbiri
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar bilan joriy yilning 5 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida boshqarma tomonidan qiymati 147,3 million AQSH dollariga teng mahsulot bojxona rejimida rasmiylashtirildi. Umumiy qiymati 254,7 million AQSH dollarini tashkil etuvchi respublikamiz tashqi savdo aylanmasining qariyb 60 foizi tovarlar eksportiga to‘g‘ri keladi.

Respublika hududidan asosan polietilen, ip-kalava, farmatsevtika mahsulotlari, paxta tolasi, artemiya sistasi, oziq-ovqat mahsulotlari, kimyo sanoati mahsulotlari, kunjut mahsulotlari, propilen, qizilmiya ildizi va uning ekstrakti, kalsinirlangan soda hamda teri mahsulotlari dunyoning Turkiya, Xitoy, Latviya, Rossiya, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Ukraina, kabi bir qator davlatlariga eksport qilindi.
Texnologik asbob-uskunalar, kimyo sanoati mahsulotlari, yog‘och va taxta, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, transport va uning ehtiyot qismlari, neft va neft mahsulotlari kabi umumiy qiymati 107,4 mln. AQSH dollariga teng mahsulotlar boshqarma tomonidan import bojxona rejimida rasmiylashtirildi.

Shuningdek, joriy yil o‘tgan davri davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan bojxona organlarining o‘z fiskal vazifalarini amalga oshirish doirasida bojxona to‘lovlaridan 172,5 milliard so‘m pul mablag‘i davlat byudjetiga o‘tkazilishi ta’minlandi.
Tadbirkorlik sub’ektlariga raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish orqali eksport hajmini oshirish va importni optimallashtirish yo‘lida bir qancha imtiyoz va imkoniyatlarni o‘zida aks ettiruvchi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda.

Mazkur qonun hujjatlarda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida, bojxona organlari tomonidan joriy yil yanvar-may oylari davomida TIF qatnashchilariga jami 154 milliard 230 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovidan imtiyoz qo‘llanildi.
Tadbir so‘nggida, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bojxona organlari faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritishda yaqindan hamkorlik qilayotgan soha vakillariga sovg‘alar topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA