Bojxona boshlig‘i “Artel” kompaniyasida bo‘ldi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Muratov maishiy texnika ishlab chiqarishda yetakchi bo‘lgan yirik korxonalardan biri “Artel” kompaniyasida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda korxonaning iqtisodiy salohiyati, ishlab chiqarish quvvati va eksport bozorlaridagi faolligi muhokama qilindi.
Korxonaning loyiha qiymati 80 million AQSH dollarini tashkil etadi va yiliga o‘rtacha 3,3 million dona maishiy texnika ishlab chiqarish quvvatiga ega. Shuningdek, dastlabki bosqichda 1300 kishini ish bilan ta’minladi va kelgusida bu ko‘rsatkich 2200 kishiga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Korxona mahsulotlarini Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya kabi davlatlarga eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu viloyatning eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuv chog‘ida bojxona organlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etilayotgan yangi mexanizmlar va soddalashtirilgan jarayonlar haqida ma’lumotlar berildi. Bojxona rasmiylashtiruvlari bilan bog‘liq yangiliklar, jumladan, eksportni qulaylashtiruvchi xizmatlar korxona vakillariga taqdim etildi.

Bu kabi uchrashuvlar viloyat iqtisodiyoti va sanoat salohiyatini mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘lib, hududdagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri