Bog‘cha hamshiralarining ish haqi undirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining joriy yil 31-mart kungi qaroriga asosan, qarzdor Taxiatosh tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan oltita bolalar bog‘chasi hamshirasining foydasiga 24,1 million so‘m undirish belgilangan.
Shunga qaramasdan, javobgar tomonidan ushbu sud qarori ijrosi ta’minlanmagan va ishchilarning ish haqlari to‘lab berilmagan. Hamshiralar sud qaroriga asosan chiqarilgan ijro varaqalarning ijrosini ta’minlab berishni so‘rab, Majburiy ijro byurosi Taxiatosh tuman bo‘limiga murojaat qildilar.
Bo‘lim xodimlari tomonidan javobgar tashkilot rahbarlariga sud qarorlari ijrosi ta’minlamaslik qo‘shimcha ijro yig‘imi va ma’muriy jarima qo‘llashga asos bo‘lishi tushuntirildi. Shuningdek, bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdorlarning asosiy bank hisob raqamlari xatlovga olinib, ularga tegishli bo‘lgan mol-mulklarga band solindi.
Shuning natijasida, 6 nafar hamshiraning jami 24 million so‘mdan ortiq ish haqi undirib berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri