Bobur g‘azallari asosida kuy va qo‘shiqlar yangradi
Buxoro ixtisoslashtirilgan san’at maktabida ulug‘ bobokalonimiz shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludiga bag‘ishlab “Ma’naviyat karvoni” tadbiri tashkil etildi. Unda yozuvchi-shoirlar, bastakor, musiqashunoslar, san’at maktabining o‘kituvchi va talabalari hamda yorqin iste’dod sohiblari qatnashdi.
Tadbir yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va davlatimiz rahbari ilgari surgan beshta muhim tashabbusning ta’lim muassasasidagi ijrosini targ‘ib etishga qaratildi.

Dastlab mehmonlar maktabda tashkil etilgan “Ma’naviyat karvoni”dan o‘tib har bir bekatda iqtidorli yoshlar bilan tanishdi. San’at maktabining o‘kituvchi va talabalari tomonidan tayyorlangan “Mumtoz musiqa” kechasida qatnashishdi.
Tadbirda ulug‘ o‘zbek shoiri, mutafakkir, tarixchi va davlat arbobi, markazlashgan davlat va boburiylar saltanati asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azallari asosida kuy va qo‘shiqlar yangradi.
Tadbirda mehmonlar yorqin iste’dod sohiblari iqtidoridan bahramand bo‘lishdi.
"Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan san’at maktabi rahbariyati va bir guruh faol ustozlariga tashakkurnomalar, faol o‘quvchi talaba yoshlariga faxriy yorliq va maktab kutubxonasi uchun badiiy adabiyotlar jamlanmasi tuhfa etildi.

Zarif Komilov, O‘zA