Boʻstonliqda ekoaksiyaga start berildi
Boʻstonliq tumanidagi ekologik aksiya 2020-yilning oxiriga qadar davom etadi.
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida dam olish maskanlariga olib boruvchi yoʻllar, oʻrmon xoʻjaliklari hududlari, suv omborlari va atrof-muhitning ifloslanishi oldini olish maqsadida sayohat madaniyatini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan ekologik aksiyaga start berildi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.
– Davlatimiz rahbarining Boʻstonliq tumanida alohida boshqaruv tizimini joriy qilish toʻgʻrisidagi farmonida birinchi navbatda tumanda chiqindi tashlash va uni qayta ishlash bilan bogʻliq vaziyat keskin tanqid qilindi, – deydi Boʻstonliq tumani hokimi Joʻrabek Ahmedov. – Shundan kelib chiqib, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan birga maxsus dastur ishlab chiqqan.
Unga koʻra, qoʻshimcha ravishda 11 alohida chiqindi yigʻish punkti tashkil qilinadi hamda ular 10 ta yangi mashina bilan taʼminlanadi. Bu Boʻstonliq tumani hududini chiqindilardan toʻliq tozalash uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga, alohida yirik chiqindilarni yigʻish punkti tashkil qilinmoqda.
Boʻstonliq tumanining asosiy qismi dam olish hududi boʻlishiga qaramasdan, chiqindilarni qayta ishlash, atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish holati qoniqarsiz darajaga kelib qolgan.
Endilikda Ekoinspeksiya tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga asosan chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlaganlarga nisbatan jarimalar qoʻllaniladi.
Hozir aholi va mehmonlar orasida shu yoʻnalishdagi targʻibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Turistik obyektlar hududiga chiqindi tashlaydigan qutilar qoʻyilmoqda.
Boʻstonliq tumanidagi ekologik aksiya 2020-yilning oxiriga qadar davom etadi.