Boʻronlarda qolgan bahorlar
Oʻn toʻqqiz yoshlilar
Gʻalabaning 75 yilligiga
(Ocherk)
Oʻn toʻqqiz yoshlilar
Er boshiga ish tushsa, etik bilan suv kechar, degan naqlning mazmun-mohiyati haqida koʻp oʻylaganman. Nega bunday deyishgan ekan? Buni qachon eshitganim, qulogʻimga qanday zil-zambil boʻlib quyilib qolganini ham izohlab berolmayman. Bunday tishli-tigʻli gaplar Xudo rahmat qilgur katta enamdan chiqar edi. Demak, bu aqidaning tomiri hu-u-uv bolalikning koʻksiga borib qadaladi. Enamiz-da, enamizdan boshqa kim ham aytardi bunday maqol-matallarni… Yoki “etik bilan suv ichar...” deb tuzatilsa maʼno chiqarmikin? Yoʻq, baribir shuurimga shuvillab yopishgan, endi bugunga qadar xayolimdan ketmay oʻrnashib qolgan ushbu ildizgapning mohiyatini hozirgi damlargacha, ayni, shu ocherkni yozgunga qadar tushunmay kelgandim. Suv kechar, deya yakunlasangiz ham, suv ichar, deb tugallasangiz ham enamning ogʻzidan eshitganim oʻsha maqolning mohiyatiga yetganday boʻldim. Oh, deb yubordim, xalqdan aylanay, xalq bilib gapiradi, xalq behudaga ogʻzining taftini shamolga oldirmaydi. Bugun, ayni, shu bugun topdim: “Er boshiga ish tushsa, etik bilan suv kechar…” Siz ham shu tagi-tuglik taʼkidni qachonlardir eshitgansiz-a? Eshitgansiz! Bugun oʻsha – etik bilan suv kechgan er yigitlar haqida gaplashamiz.
Tashnalikda suvning qadriga yetasan. Ochlikda nonning. Xastalikda bir yutim havo qahat. Biroq tinchlikning qadriga yetish uchun bir lahzagina boʻlsa ham urushni koʻrishning hojati yoʻq. Urush hamma fojialarni birdaniga oʻzi bilan birga olib keladi: ochlik, qahatchilik, azob-uqubat, xastalik… bari-barini.
Toʻqlikning dormandasi, tinchlikning arzandasi boʻlib, er yetsa-da erkaklikka emas, erkalikka moyil boʻlib qolgan ayrim qiznuqsli, yuziga kizilcha toshgan ukalarim meni kechirsin-u, baʼzida shular ham erkakmikin, deb qolaman, shularga bir narsani ishonib boʻladimi, ayniqsa, oʻsha “bir narsa” Vatan himoyasi bilan bogʻliq ulugʻ aqidaga borib bosh ursa-chi, degan xayolga borib qolaman.
Bularga biror narsani ishonib boʻladimi? Bizning zamonamizda:
– Vo-o-ye-yeey, bolajonim-a! Ma, ol. Manovini yeb ol. Bunisini choʻntagingga sol. Sharfingni oʻrab, telpagingni ham bostir. Qoʻlqoping qani? Junqalpoqchin kiy!..
– Mana kalit, mashinada bor. Otang oʻziga haydovchi chaqiradi. Tez-tez telefon qilib tur. Xavotir olmayin. Oʻqish kimdan qolmabdi deysan, oʻqishi ham qursin, dam olib-dam olib oʻqi, kompyuterga koʻp tikilma. Xayr bolajonim, kechqurun nima ovqat qilay? Xoʻp, choyxonaga bormay qoʻya qol, oʻzim osh qilib kutib oʻtiraman...
“Bolajon” 19 yoshda. Talaba institutda oʻqiydi...
...Ayoz teshib oʻtib ketyapti. Oʻgʻlon yupun. Chidaydi. Qoʻl-oyoqlari akashak boʻlib borayapti. Bardosh beradi. Yiqilmaslik kerak. Tun boʻyi yoʻl yurishdi. Tong oqarib bormoqda. Nima qilib boʻlsa ham daryo qirgʻogʻiga yetib olishi shart. Yelkasida zil-zambil yuk – oʻq dori! Yeguliklar, yegulik qayda… Bir burdagina qora non qolgan yukxaltasida.
(Bundan roppa-rosa 77 yil ilgari 1943-yil. Haligi “qizilchali”ning katta bobosi. U ham 19 yoshda…)
– E-ye-ye-yey, ota oʻgʻil, toychoq. Charchadilarmi? Bugun yakshanba. Dam oling. Onasi, toychoqqa teginmang. Uxlasin. Ofisning ishi ham osonmas. (“Toychoq” 19 yoshda, otasining kompaniyasida ishlaydi).
…U mijja qoqmadi. Bugun uchinchi kun. Tepalik uchun shiddatli jang kechdi. Uch kun uxlamadi. Yuzi taxtaday qotib qolgan. Karaxt. Buyruq keldi: tepalikka shiddat bilan yugurdi – egallash kerak. Yetdi. Oʻqboʻron ichidan omon chiqib, yetdi. Oʻzini qutlugʻ zaminga tashlab uni quchdi, oʻpdi, yerni oʻpdi. “Biz seni fashistning qoʻlidan tortib oldik... demak gʻalaba yaqin…”. Oʻgʻlon jilmaydi (U ham 19 yoshda edi. U ham “Toychoq”ning yoshida edi).
– Koʻzingizga qarab yuringda-a… Koʻz bormi, yo, nima balo?..
Avtobusdan shoshib tushgan qiz bekatda yelimxalta koʻtargan otaxonni turtib yubordi, meva-cheva yoʻlda sochilib qoldi. Ota mulzam boʻldi. Qiz parvo ham qilmadi-da, yoʻlida yugurgiladi – shoshish kerak, saboqdan kech qoladi. (Qiz 19 yoshda edi. Universitetda tahsil olardi).
…Hamshira qiz yarador askarning oskolka ilma-teshik qilib yuborgan tanasidan temir parchalarini bitta-bittalab sugʻurib olarkan u ihrandi:
– Meni tashlab ketaver. Oʻzimiznikilarga yetib ol. Shoshil fashistlar quvib kelishayapti. Seni asir olishi mumkin. Bor. Tezroq yugur. Oʻtinaman, tezroq meni tashlab ketaver… Shoshil!
Qayda. Hamshira yaradorni jon holda oldga sudradi. Tizza va bilaklari jiqqa terga botgan, koʻzlari tinib, madorsizlandi. Biroq yarador oʻgʻlonni qoʻyib yubormadi, u bilan birga, uni sudrab oʻzimiznikilar tomon shoshildi. Jangchi koʻksida salqigan qon qizning yuz-koʻzlariga tegdi. Qon va ter hidi. Qiz oʻgʻlonni ajal komidan eson-omon olib chiqdi. (Qiz 19 yoshda edi. Oʻgʻlon 19 yoshda edi...)
– Oyi, Nigoraning uyidagilari nima deyishdi?
– Mebel-pebel berishmaskan? Toʻyni kamchiqim qilisharmish.
– Siz nima dedingiz?
– Kerakmas, bizga toʻgʻri kelmaysizlar, – dedim.
– Toʻgʻri aytibsiz. Otasi ham ishdan boʻshabdi. Bekorgamasdir…
(Boʻlajak kuyov 19 yoshda…)
“…Nigora, men seni boshimda koʻtaraman. Yigʻlama, qaygʻurma! Oʻzingni asra! Kecha ukamdan xat oldim. Dadangdan qora xat kelibdi. Akangdan ham xat-xabar yoʻq ekan… Sen oʻzingni qoʻlga ol, oʻzingni asra! Mana koʻrasan, biz yengamiz. Biz gʻalaba qilamiz. Oʻzingni oʻsha kun uchun asra, jonim… Men omon boraman. Men seni kaftimda koʻtarib yuraman, oʻzim senga tayanch, oʻzim senga suyanch boʻlaman. Xabarim bor, yaqinda oying ham qazo qilibdi… Sen yaxshisi biznikiga borib tur, onam va ukam bilan birga boʻl. Ming laʼnat bu urushga. Seni yigʻlatgan bu urushga ming-ming laʼnat boʻlsin...” Nigorim... Jangchi ogʻir oʻyga tolgandi.
– Nimani oʻylaysan, Sattorov?
– Gʻalabani, oʻrtoq komandir, gʻalabani!
– Jangga tayyormisan?
– Ha, tayyorman…
(Oʻgʻlon 19 yoshda edi. Oldda qaqshatqich jang nafasi kelib turardi).
– Ismingiz kim?
– Bahodir.
– Qayeringiz ogʻriyapti? Tibbiy maʼlumotnoma nima uchun kerak?
– Kecha yomgʻirda qolibman. Shamolladim, shekilli. Oʻqishimga kerak.
Maʼlumotnomasiz darsga borolmayman. (Oʻgʻlon 19 yoshda edi. Universitetda oʻqiydi.)
…Yomgʻir sharros quymoqda. Kun sovuq.
“Olgʻa” sadosi ostida jangchi quroldoshlari qatori oʻzini daryoga otdi. Narigi qirgʻoqqa suzib oʻtish, dushmanni yer tishlatish, oʻch va qasos olish ishtiyoqi bilan butun vujudi alanga olardi. (Oʻgʻlon 19 yoshda edi.)
Bu muqoyasalar bilan birovga tana-dashnom qilish niyatida emasman. Faqat mardlik va matonat timsoli boʻlgan, urush koʻrgan bobolarimiz oʻz jonlarini oʻlimga tikkan kezlarda ortidan mana shunday ayrim mayinmijoz, maydafeʼl alafsifatlar ham boʻy koʻrsatishini xayolga keltirganmikan, deb oʻylayapman. Yigitman, erman, erkakman, degan kimsaning shunday “ilimiliq-bilimiliq” boʻlishini tasavvuriga ham sigʻdirishmagan boʻlsa kerak ular... Agar ular bu haqda oʻylagan boʻlsalar, gʻalabadan soʻng mard-jasur, gʻururi baland, hozirgiday koʻp-koʻp gʻayrat-shijoatli oʻgʻil-qizlarimizday, oʻrni oʻrib, qirni qiradigan, xuddi oʻzlari kabi dalli-gʻulli, bir soʻzli avlod paydo boʻladi, deb oʻylashgan. Ular gʻalaba qozongan bobolarning oʻgʻil-qizlari ham hamisha hayot sinovlari ustidan gʻolib kelishiga ishongan.
Dnepr daryosining suvi qaynab ketgandi...
Daryoning narigi qirgʻogʻi oʻlim. Bu qirgʻogʻi ajal bilan yuzma-yuz kelishga shay turgan hayot. Nari qirgʻoqda Vatanga chang solgan yovuzlik – fashizm. Bu qirgʻoqda esa uni toʻxtatib qolish uchun qurbon boʻlishga tayyor tiriklik. Yo gʻalaba, yo magʻlubiyat! Oʻrtada birgina daryo – Belarusning taqdiri, butun boshli ulkan mamlakat, insoniyat qismatida tub burilish yasashga mahkum etilgan shoʻrlik daryo.
Belarus kimning qoʻlida qoladi? Yevropaga yoʻl ochiladimi, yoʻq? Dunyo kimning qoʻlida qoladi? Bashariyat aʼmoliga nima bitilgan – fashizm dagʻdagʻasi ostida dir-dir titrab yashaydimi yoki oʻz aʼmolini oʻzi belgilab, ozod insonday kun koʻradimi? Shunday ogʻriqli va ogʻir savollarga esa hali javob yoʻq edi.
Roʻy berajak hal qiluv hamlasining ahamiyatini har ikkala tomon ham juda yaxshi bilardi. Qanchalar jonlar shu daryoga qurbonlik qilinishi borasida Ikkinchi jahon urushi tarixining eng dahshatli, qora sahifalariga buyuk taqdir bitik etishga shay turardi, nari qirgʻoqda oʻlim, bu qirgʻoqda tiriklikka umid, ozodlikka ilinj ruhi shuʼla sochib turardi. Shunday qilib, bu mashʼum urush tarixida “Dnepr uchun jang” degan iztirobli sahifa paydo boʻldi.
Dnepr qirgʻogʻidagi Loyev... shaharcha markazini tish-tirnogʻigacha qurollangan fashist gazandalaridan tozalash oʻta muhim strategik ahamiyatga ega edi, fashistlar uchun bu joyni qoʻldan boy berish Belarusni topshirish, jahannamga qulash bilan barobar edi. Bosqinchilar koʻp millatli sovet jangchilarini koʻra bila turib oʻzlarini oʻlim qaʼri – Dnepr daryosiga tashlab oʻqqa uchib oʻlib ketishga rozi boʻlishiga esa gazandalar unchalik ishonmasdilar ham. Biroq yovga indamasdan boʻyin egishdan koʻra oʻlimni afzal bilgan jangchilar Dneprni kechib oʻtishga ahd qildi, qanday boʻlmasin dushmanga qarama-qarshi hamla qilish zarur edi. Jangda tirik qolishni oʻylash xoinlik qilish, Vatanni sotish bilan barobar edi. Buni har bir askar qalban his qilardi, ana shu hissiyot esa jangchilarga cheksiz kuch-qudrat ato etardi. Fashistlar esa botiniy, sehrli matonat har bir jangchida qayerdan paydo boʻlganini anglolmay sarosimaga tushardi, sababi, qarshi hujum boshlangandi – qoʻshin oʻzini daryoga tashlagandi.
Kun sovuq edi. Kuzakning rutubatli havosi. Suv muzday. Badaningni tigʻday tilaman deydi. Qurol-yarogʻ, yuk bilan suzib oʻtishning oʻzi boʻlmaydi.
Taxtadan yasalgan qoʻlbola sol, yelim qayiqlar yetishmay qolgach pichan gʻaramlarini jamlab ularni qattiq bogʻlab, xashakni qayiq qilib jangchilar oʻzlarini daryoga uraberdi. Daryo oqimiga dosh berolmagan pichan uyumlari titilib, qanchalab jangchi suvga gʻarq boʻldi, tepada oʻq yomgʻiri yogʻardi. Oʻng qirgʻoq tepaligida mustahkam oʻrnashib olgan dushman daryodan suzib oʻtishga uringan jangchilarni beayov oʻqqa tutib qirar, snaryadlar va granatalar portlashidan daryo suvi lopillar edi. Bu qiyomat qoyimda 10 mingdan ziyod jangchi halok boʻldi. Daryo qurbonlar qonidan qizarib, chayqalar, oʻq, bomba va snaryadlar yogʻilishi taʼsirida Dnepr qaynab-toshib ming-minglab murdalarni oʻz komiga tortib oqizib borardi.
“Oʻq yomgʻiri dastidan suv qaynagandi. Xushnazarov birinchilardan boʻlib oʻzini suvga otgandi. Baxtga qarshi u daryoning juda chuqur boʻlmagan qismiga toʻgʻri kelgandi. U oʻz boʻlinmasi bilan birinchilardan boʻlib sohilga suzib oʻtdi. U qirgʻoqqa yetgach granata irgʻitib dushman pulemyotining ovozini oʻchirdi va oldga intildi...” Bu izoh bizning vatandoshimiz, samarqandlik Safar Xushnazarov haqida. Bu hayratga toʻliq maʼlumotlar Dnepr qirgʻogʻidagi Loyev shaharchasi muzeyida saqlanmoqda. Oʻzbek jangchisining jasorati tarixning, Ikkinchi jahon urushi tarixining “Dnepr uchun jang” deya ataluvchi eng iztirobli va qaygʻuli, shu bilan shon-sharaf va jasorat choʻqqisi deya atalgan yorqin sahifasida matonat timsolida abadiyatga muhrlandi.
1943-yilning kuzida, aniqrogʻi, oktyabr oyining boshida Dnepr daryosini birinchilardan boʻlib suzib oʻtib, dushmanni yer tishlatgan, oʻlim bilan yuzma-yuz kelgan 6 oʻzbekning nomi alohida tilga olinadi. Ha, ularning har biri daryoning turli nuqtalarida bir-biridan xoli birinchilardan boʻlib oʻng qirgʻoqqa oʻtib olishdi. Ularning 6 nafari ham koʻrsatgan mislsiz jasorati uchun Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor boʻldi. Tasavvur qilayapsizmi, Dneprni birinchi boʻlib, oʻzbek bobolarimiz kesib oʻtgan. Buni men aytayotganim, oʻzbek ekanligim uchun qoʻshib-chatib boʻrttirayotganim yoʻq, buni tarix gapirayapti, hujjatlar soʻzlayapti. Loyev muzeyi tilga kirayapti. Bu olti bobomizning ismi-sharifi Loyev shaharchasidagi “Dnepr uchun jang” Qahramonlar xiyoboni memorial majmuasida alohida lavhalarda oltin harflar bilan yozib qoʻyilgan.
Toʻgʻri, jangda qatnashgan har bir jangchiga Qahramonlik unvoni berilmagandi. Biroq koʻrsatgan jasorati hech bir qahramonlikdan kam boʻlmagan minglab oʻzbek oʻgʻlonlarining jasorati haqida azim Dneprning oʻzi guvohlik beradi. Ularning qanchasi Dnepr qaʼridan makon topdi, qanchasi bu sadpora zamin bagʻrida manguga koʻz yumdi. Ha, ularning nomini aytishga, son-sanogʻi, hisobini keltirishga tarix ojizlik qiladi. Shunday boʻlsada, bizga ularning ruhi nomaʼlum soldat qabrlarida jo boʻlgani, yodi bizning yuragimizdan oʻrin olgani taskin beradi. Ha, jasoratga nur ip bilan bogʻlangan yoniq xotira bizga malham boʻladi.
Azizlarim, yaxshisi, Dnepr daryosini birinchilardan boʻlib kechib oʻtgan, dushmanga sherday hamla qilgan 6 Qahramon oʻzbegimning ulugʻ nomlarini keltiraylik. Tanishing: Safar Xushnazarov (1906-1944), Abdusalom Dehqonboyev (1906-1943), Joʻraxon Usmonov (1923-1945), Toʻxtasin Boboyev (1923-2000), Sharif Ergashev (1916-1978), Toshmamat Jumaboyev (1924-1995). Eʼtibor bergan boʻlsangiz, ularning uch nafari oʻsha jangda halok boʻlgan. Uch nafari Oʻzbekistonimizga gʻalaba bilan qaytgan.
Ha, ular el-yurt boshiga qora kun tushganda etik bilan suv kechgan er yigitlar edilar...
“Bu koʻcha oʻzbek xalqining farzandi Joʻraxon Usmonov nomi bilan ataladi”
Minskda elchixonamiz maslahatchisi Doniyor aka Obidov qoʻlimga bir xat tutgandi. Loyev tuman ijroiya qoʻmitasi raisi V.A.Baykova tomonidan elchimiz Nosirjon Yusupov nomiga yoʻllangan ushbu rasmiy xatning mazmuni shunday: Loyev tuprogʻi muqaddas. U qanchalab qahramonlarni oʻz bagʻriga olgan. Bu zaminda oʻzbekning 6 nafar pahlavon oʻgʻloni jasorat koʻrsatib Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor boʻlgan. Loyev shahrining “Qahramonlar xiyoboni”da shu tumanning Derejachi qishlogʻida joylashgan birodarlik qabristonida 6 nafar oʻzbek farzandi yodi ham abadiylashtirilgan. Shuningdek, Xomchenko, deb nomlangan aholi punktidagi koʻcha Joʻraxon Usmonov nomi bilan ataladi. Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlab oʻtkaziladigan tantanali marosimda Loyev tumani Xomchenko qishlogʻidagi koʻchaga “Bu koʻcha oʻzbek xalqining farzandi Joʻraxon Usmonov nomi bilan ataladi” degan lavh ilinishi rejalashtirilgan. Aprel oyida boʻlib oʻtadigan bu katta tadbirga elchimiz va elchixona xodimlari ham taklif qilingandi.
Qanchalar faxrli-a? Faxrli! Oʻzbekiston qayerda-yu, Belarus qayerda? Jasur oʻzbek yigiti tugʻilib oʻsgan Sirdayoning Xovos tumaniga qarashli Savat qishlogʻi qayerda-yu, Belarusning Gomel viloyati Loyev tumaniga tegishli Xomchenko qishlogʻi qayoqda. Bugun ana shu bois qishloqda, Yevropaning tubidagi bir oʻlkadagi koʻchalardan biri Joʻraxon Usmonov nomi bilan atalayotganini juda koʻpchilik vatandoshlarimiz, ayniqsa bugungi yoshlarimiz umuman bilishmasa kerak. U bu zaminda jon olib, jon berganda, soʻnggi qoni qolguncha kurashib, halok boʻlganda bor-yoʻgʻi 19 yoshda edi. 19 yoshda-ya. 19 yoshda. U mana shu navqiron umr pallasida oʻzbek xalqining chindan dovyurak va jasur xalq ekanini oʻz jasorati bilan isbotlay olgan haqiqiy oʻzbek edi.
Ha, 19 yoshda!
U 19 yoshda Soj daryosini suzib oʻtdi. Daryoning Dneprga kelib quyiladigan qismida fashistlar bilan juda yaqin, yuzma-yuz kelgan dahshatli jangda gazandalarni qiyratdi. Mislsiz toʻqnashuvda 13 marotaba dushman hamlasini qaytara oldi. U vzvod komandiri yordamchisi edi. Guruhda bor-yoʻgʻi 9 jangchi qoladi. Katta serjant Joʻraxon Usmonov guruhga barcha oʻq-dorilarni yigʻib, granatalar bilan hamla qilishni, qanday qilib boʻlsa ham asosiy qoʻshin yetib kelguncha dushmanga toʻgʻanoq boʻlishni buyuradi. Yordam kuchlari yetib kelib, dushmanni toʻsib qolgan Usmonov boshchiligidagi jangchilarni yarador holda jang maydonidan olib chiqishadi. 1944-yilning 15-yanvarida Joʻraxon Usmonov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlandi.
1944-yil oxirida qaqshatqich janglarning birida u ogʻir yarador boʻladi. Toshkentga harbiy gospitalga yuboriladi. Jarohat asorati tufayli 1945-yilning 14-fevralida gospitalda vafot etadi. Gʻalabaga esa ozgina, bor-yoʻgʻi 3 oygina qolgandi.
U bor-yoʻgʻi 19 yoshda edi.
19 yoshda.
Hozir ayrimlarimiz shu yoshdagi farzandimiz yoki nabiramizga qarab bu endigina 19 yoshga toʻldi, 19 yosh ham yosh-da, hali bular goʻdakda deb qoʻyamiz. 19 yoshda ham odam goʻdak boʻlarkanmi? Joʻraxon esa 19 yoshida qahramon boʻlgan edi...
Shu oʻn toʻqqiz yoshda etik kiyib suv kechgan erkak edi.
“Ayolim va farzandlarimga aytinglar, men Vatanni himoya qildim...”
1943-yil 2-oktyabr kechasi. 467-oʻqchi qismga qarashli oʻqchilar rotasiga maxsus topshiriq keldi: Guleshes qishlogʻi hududi orqali Dneprning oʻng qirgʻogʻiga suzib oʻtib dushman oʻrnashgan asosiy nuqtani egallab, ortda harakatlanayotgan jangchilarga yoʻl ochib, Dneprni kesib oʻtishga chogʻlangan qoʻshinning xavfsizligini taʼminlash kerak edi. Epchil va chaqqon jangchi, mahoratli mergan Safar Xushnazarov “Dnepr uchun jang” operatsiyasida dastlabki ishtirokchilar qatorida birinchilardan boʻlib daryoni ajal hamlasi ichra suzib oʻtdi. U qirgʻoqqa chiqib olgach, rotaning old qismida oʻrnashdi. Dushmanning yetti bora qilgan qaqshatqich hujumiga mardonavor bardosh berdi. 35 fashist gazandasini yer tishlatdi. Safar Xushnazarov va uning quroldosh sheriklari qarshisida, yaqinginada turgan bosqinchilarni ikki kun mobaynida ushlab turib, ularning hamlasini chippakka chiqardi. Fashistlar burnining tagiga kelib qolgan boʻlsa-da, Safar Xushnazarov joyidan jilmadi. Dushmanga granata uloqtirib turdi. Bu orada asosiy kuch Dnepr daryosini kesib oʻtadi. Dushman bilan yuzma-yuz jangda Safar Xushnazarov yaralandi. Tibbiy punkt feldsheri va sanitarlari uni daryoning narigi qirgʻogʻiga xavfsiz hududga olib oʻtmoqchi boʻlganida rozi boʻlmaydi: “Men fashistlar yoʻlini toʻsib turgan asosiy joyda oʻrnashganman, mening ketishim mumkin emas”, deb javob beradi. Shu jangda u ikkinchi bora yarador boʻladi. Qoʻshinning old qismida turib dushmanini yaqin yoʻlatmagan oʻzbek arsloni koʻrsatgan jasorat barcha jangchilarga ruhiy kuch-qudrat baxsh etadi, ularni mustahkam himoya va shiddat bilan olgʻa intilishga undaydi. U Dneprning soʻl qirgʻogʻiga yuboriladi. Bu yerda uchinchi bor yarador boʻldi. Yovqur oʻzbek Safar Xushnazarov oʻlim oldidan jangchi doʻstlariga oddiy va oʻta taʼsirli vasiyat qiladi: “Ayolim va farzandlarimga aytinglar, men Vatanni himoya qildim...”.
Muzey bagʻridagi xotiralar shunday soʻzlaydi.
Ha, muzey bitiklarida shunday yozilgan.
Ha, muzey qaʼrida saqlanayotgan Safar Xushnazarovning doʻstlari yodnomalarida shunday bitilgan.
38 yoshida hayot shami soʻngan, toʻrt farzandning otasi, jasur erkak Safar Xushnazarovning vasiyati muzey qaʼrini titratib, quloqlaringiz ostida jaranglay boshlaganda iztirob va ogʻriq toʻlgʻogʻida oʻkirib yuboray deysiz, baʼzoʻr oʻzingizni tutasiz, koʻzingizdan duvillab qaynoq yoshlar siza boshlaydi.
Bugungi kunda qahramon jangchining oʻttizdan ortiq nabira va qanchalab chevaralari Kattaqoʻrgʻon shahar Ingichka qoʻrgʻonchasi hamda Narpay tumanida istiqomat qiladi.
Biz uning izida qolgan avlodlarining ham bobosi kabi chin inson boʻlishini istaymiz.
El-yurt boshiga qora kun tushganida etik kiyib suv kechgan Inson ruhini shod etish ham chin insonlik belgisidir...
Urush yodi bilan hazillashib boʻlmaydi
Tarix uzoq jim turolmaydi. Baribir ogʻzidan talqoni toʻkiladi. Tuzumlarning tuturuqsiz tutumlariga tutantiriq boʻlgan mafkura tarixning unini oʻchirolmaydi, tarix haqiqatni qanday, qay tarzda soʻzlashni biladi, muzeylar, qoʻlyozmalar, yodnomalar, hatto, tirik xotiralar qaʼridan chiqib keladi moziy haqiqatlari...
Mana, Loyev muzeyida, eng muhimi, qadrdon belarus xalqi xotirasida, qalb qoʻrida saqlanayotgan mardlik va jonfidolikka boʻlgan ehtirom tuygʻusi toʻlqin urib otilib chiqdi. Loyev tuman markazida qad tutgan Qahramonlar xiyoboni xotira majmuasida ham mening oʻzbeklarim qadr-qimmati, xalqimning mardligi mana shu olti nafar qorakoʻz, qoraqosh oʻzbekbobom tufayli yana bir bor ulugʻlandi-ku! Ularning oltoviga ham shunday nisbat beriladi: “...Dnepr daryosini birinchilardan boʻlib suzib oʻtdi, dushman uyasiga qaqshatgich zarba berdi, fashistning qarshi hujumini toʻxtatib turdi. Shu tufayli bizning qoʻshinlarimiz Dnepr daryosidan suzib oʻtib, daryo qirgʻogʻini egallab oldilar...”.
Ularning oltovi ham Dneprning olti joyidan suzib oʻtgan, garchand bir-birini bilmasa-da, tanimasa-da, bir-biriga uygʻun qahramonlik koʻrsatgan. Ha, birinchilardan boʻlib oʻtgan ular. Shuning oʻzi muhim dalil, shuning oʻzi katta gap! Bularning izidan qanchalab yurtdoshlarimiz ergashdiykin, bular boshqa millat va elatlarning dovyurak botirlari qatorida qancha-qanchalab askarlarga dalda berib, oʻz ortidan ergashtirdiykin?! Bularning izidan borgan va yonma-yon turgan necha-nechalab yurtdoshlarimiz fashizm yoqqan olov komida qolib ketmadi, deysiz? Biz ularning barchasini nomma-nom bilavermaymiz, nomaʼlum boʻlib ketganlari – bedarak yoʻqolganlari qancha, tutqunda oʻlib ketganlari qancha? Albatta, ularning ramziy qabrlari bor. “Nomaʼlum askar qabri...” Bu qabrlar urush iztirobi iz solgan deyarli barcha oʻlkalar, shaharlar, Yevropa davlatlari, umuman, urush jabrini tortgan hamma xalqlarda bor. Siz qayerda boʻlmang oʻsha qabr qoshida Ikkinchi jahon urushida bedarak yoʻqolgan jangchilarning pok ruhlarini yodga olasiz. Oʻzbekmi, qozoq, oʻris, qirgʻiz, tojik, belarus, ukrain, tatar, gruzin, ozar... barcha-barcha xalqlarning izsiz ketgan jangchi farzandlarini xotirlaysiz. Masalan, Yevropaning qaysi bir shaharchasida paydo boʻlgan “Nomaʼlum askar qabri” tepasida siz urush komida bedarak yoʻqolgan oʻzbek oʻgʻlonining ham muqaddas xotirasini yod olasiz. Bunday ramziy qabrlar millatlararo doʻstlik, birodarlik tuygʻularini uygʻotib, jonlantirib turadi. Urush koʻlanka tashlagan qaysi bir puchmoqlarda nishonsiz qolib yoʻqolgan oʻzbek jangchisining muqaddas ruhini yod etmoq mumkin edi bu qabrlar qoshida, xoh u Yevropada boʻlsin, xoh Sharqda boʻlsin. Bugun ayrim xudobexabar millatchilarning oʻz shaharlaridan urush qurbonlari xotirasi uchun tiklangan lavh va monument, haykallarni qoʻporib tashlashayotganini eshitib-koʻrib yuragim zirillab, titroqqa tushaman: senlarni jangchilarning ruhi uradi, qargʻishga yoʻliqasan, degan xayolga boraman. Darvoqe, bizda ham nomaʼlum jangchilar uchun tiklangan xotiragohlar boʻlardi. Negadir bundan yigirma yillar oldin “Nomaʼlum askar qabri” bizga kerakmas, degan aqida “qanot yoyib”, oʻsha xotiragohlar nomi oʻzgartirildi. Baraka topgurlar, axir oʻsha nomaʼlum askar ziyoratgohi yoki ramziy qabr urushga nafrat, shu urushda jon bergan, nomaʼlum yoʻqolgan askarlarga izzat-hurmat, ehtirom va qaygʻurish hissida vujudga kelgan edi-ku! Bu yerdagi ramziy qabr insonlarning millatidan qatʼi nazar oʻzaro birodarlik tuygʻusini alanga oldirardi-ku, anovi yonayotgan olov doʻstlik va qardoshlik olovi edi-ku... Ularni yoʻqotish, ulardan voz kechish xuddi oʻsha qabrlar qaʼridan qanchalab askarlarning jasadini kovlab olib, uloqtirib tashlash bilan barobar emasmidi? Sizni bilmadim, lekin men “Hech kim, hech narsa hech qachon unutilmaydi...” degan yozuvlar lavhlardan olib tashlanganida shunday xayolga borganman. Ana, olis oʻlkalarda, boshqa shahru kentlarda nomaʼlum jangchi qabrlari turibdi-ku. Ular bizdan non-osh soʻrashayotganmidi, ramziy qabrlar oʻz joylarida tinchgina turgan edilar-ku? Yoki Toshkentimizning qoq oʻrtasidagi Xalqlar doʻstligi saroyi maydonidagi holatni eslang. Xalqimizning bagʻrikengligi timsoli, Toshkentning pasporti boʻlgan bu maydonning nomini oʻzgartirib, oʻzbekning bolajonligi, saxiy va saxovatli, urush koʻchaga uloqtirib, jahannamga roʻbaroʻ etgan qanchalab xalqlarga boshpana boʻlganligini koʻrsatib turgan Shomahmudovlar haykali joyidan qoʻporilib shahardan chetga chiqarib tashlanganini nima bilan izohlash mumkin edi?
Chin oʻzbek timsoli Shoahmad ota va Bahri aya urush yetim etgan turli millat goʻdak-bolalariga boshpana boʻlgan oʻzbek xalqi siyratini koʻrsatib turgan haykallar kimga ogʻirlik qilgandi? Yoki siz ularni yelkangizda koʻtarib turganmidingiz? Sizdan biror narsa soʻrayotganmidi? Aksincha, Toshkentga qadam ranjida qilgan uzoq-yaqin mehmonlarga faxr-iftixor bilan koʻrsatganimiz va ularning ham qalbida hayrat toʻlqinini toshiradigan muqaddas bir maydon edi-ku bu! Xudoga shukr, muhtaram Prezidentimiz bundan uch yil oldin, fashizm ustidan qozonilgan gʻalaba bayrami nishonlanayotgan ulugʻ kunlarda ezgulik va odamiylik ramzi boʻlgan yodgorlikni yana oʻz joyiga, shaharning qoq markaziga olib kelib qoʻydi va “Xalqlar doʻstligi” degan nom bilan maydonni ham, sanʼat saroyini ham, metro bekatini ham qayta nomladi. Davlatimiz rahbarining shu qilgan ishi oʻzbek xalqini nechogʻliq ulugʻligini, urush yillarida xalqimizning odamiylik yalovini nechogʻliq baland tutganini yana bir bor dunyoga koʻz-koʻz qildi. Buning uchun Sizga ming rahmat, muhtaram Prezident! Sizning bu qilgan saʼy-harakatingiz zamirida oʻzbekning “Sulton suyagini xoʻrlamas”, degan buyuk aqidasi jo ekanini his qildik.
Esimda, 90-yillar oʻrtalari yoki sal oʻtib “urush haykallari”ga qirgʻin solish kampaniyasi boshlandi. Ayrim bosh muharrir akalarimiz, menga topshiriq keldi, deb oʻz shotir-muxbirlari bilan birga Toshkentdan to Sariosiyogacha xizmat mashinasida xizmat safari uyushtirdi. Maqsad, yoʻl-yoʻlakay har bir tumanga kirib, Ikkinchi jahon urushi xotirasiga oʻrnatilgan yodgorliklarni tanqid qilish edi.
Nega? Bu urushning bizga daxli yoʻq ekan. Qayerda “1941-1945” yozuvi va avtomat koʻtarib kaska kiygan askarning haykali boʻlsa, rasmga olib gazetda urishdi. Koʻrib qoʻyinglar, falon tumanda falon joyda urushning haykali hamon saqlanmoqda, degan mazmunda. Hoy, sening esing qayerda, tentakmisan, bu haykallar tarix-ku, urush va urush qurbonlari tarixi boʻlib turibdi-ku, ular sening yelkangni bosyaptimi, deydigan odam topilmadi, na tepadan, na pastdan. Menmi, men oʻsha haykallar “urilayotgan” gazetda oddiy muxbir boʻlib ishlardim. Eʼtirozimni aytib, dakki eshitganman, ustimdan kulishgan. “Siyosatni tushunmayapsanmi? Baribir qoning urushga tortib turadi-a? Afgʻonda boʻlgansan-da...”
Ana shunday ommavozlik avjida turgan mahalda oʻzbek tuprogʻidan ulgʻayib, dunyoni asrashga hissa qoʻshgan Ikkinchi jahon urushi Qahramonlarining ham ayrimlarining haykallarini ular tugʻilib oʻsgan tumanlar markazidan olib tashlashdi. Ana shulardan biri, urushda mislsiz jasorat koʻrsatgan oʻzbek oʻgʻli Shodi Shoimovning haykalini ham Shahrisabz shahar markazidan qoʻporib tashlashgan edi. Yana aytaman, shu haykal senlarga halal berdimi, turgandi-ku joyida, deydigan odam ham yoʻq edi-da!
Men Belarus oʻlkasida vatandoshlarim – oʻzbek jangchilari sharafiga koʻrsatilayotgan cheksiz ehtirom va hurmat namunasini oʻz koʻzim bilan koʻrib, gʻururlanib yurgan kezlarim qoʻl telefonimning telegram messenjeriga xabar keldi: “...ukajon, sizning Belarusda ekaningizni eshitdim. Oʻsha yerda mening togʻam ham jang qilib halok boʻlgan. U Sovet Ittifoqi Qahramoni – Shodi Shoimov boʻladi. Soʻrab-surishtiring, u kishi haqida yana biror yangilik chiqib qolar...” Bu telefonxatni qadrdon opamiz, shoira, taniqli telejurnalist Inobat Oydin yozgan edi. Oʻzining oʻzagi, tomirdoshini yod olib, undan faxrlanish tuygʻusi insondagi eng oliy fazilatlardan biri. Oʻzini, qavmi-qarindoshi, ota-bobolarini ulugʻlamagan kimsa oʻzgalarning ham qadriga yetolmaydi.
Belarusning Mogilyov viloyati Mogilyov tumaniga qarashli Dashkovka qishlogʻida oʻzbek oʻgʻloni Shodi Shoimovga byust oʻrnatilgan. Arxiv hujjatlarida bitilgan quyidagi jumlalarni oʻqib vujudingizga titroq kiradi: "...Mogilyov tumaniga qarashli Dashkovka qishlogʻi hududidan Dnepr daryosini kechib oʻtish bu yerda joylashgan 385-oʻqchi diviziya uchun hayot-mamot masalasini hal qiladigan eng muhim operatsiya sifatida alohida ahamiyat kasb etardi. Oʻzbek farzandi Shodi Shoimov maxsus guruh bilan birinchilardan boʻlib tashabbus koʻrsatdi. Daryoning narigi betida oʻrnashgan dushmanga suv sathi aniq koʻrinib turar, kechuvga tushganlarni qirib tashlashlari aniq edi. Shunday boʻlsa-da, Shodi Shoimov va uning guruhi dushman tomonidan yogʻdirilgan oʻq yomgʻirlari ichida oʻpirilib yotgan koʻprik tomon – narigi qirgʻoqqa suzib oʻtdi.
Shodi fashist bilan yuzma-yuz boʻldi, yaqin masofada turib jang qildi va oʻzini bosqinchilar xandagʻiga tashladi. Dushman bilan kechgan qoʻl jangida pahlavon oʻzbek farzandi 13 fashistni oʻldiradi. 1944-yil 27-iyun kuni Dneprning oʻng qirgʻogʻida oʻrnashgan gazandalar izdihomi tor-mor etiladi. Diviziya askarlariga Dneprni kechib oʻtishi uchun yengillik tugʻiladi. Biroq Shodi dushman bilan kechgan ayovsiz qoʻl jangida – urho-urda ogʻir yaralanadi. Ertasi kuni 28-iyunda u jarohat xuruji tufayli xalok boʻladi. U oʻshanda bor-yoʻgʻi...
– Togʻam oʻshanda 18 yoshda boʻlgan. Arxivlarda 1925-yil, deb notoʻgʻri ketgan. U 1926-yil tugʻilgan, – deydi Inobat opa.
U oʻshanda bor-yoʻgʻi 18 yoshda edi. U 18 yoshida Sovet Ittifoqi Qahramoni boʻldi va olis Mogilyov tumanining Dashkovka qishlogʻidagi birodarlik qabristonidan mangu joy oldi.
– Shodi Shoimovning qahramonligi, u koʻrsatgan mardlik va jasurlikni har bir oʻquvchi yaxshi biladi. Maktab muzeyidagi eksponatlar, oʻzbek farzandining quroldoshlari xotiralari, jangchi bilan birga boʻlgan doʻstlari maktublari farzandlarimizni benihoya hayratga soladi, – deydi maktab direktori S.Lusovoy. – Oʻzbek oʻgʻloni belarus xalqi va tuprogʻini gazandalardan tozalashda mislsiz qahramonlik koʻrsatgan. Buni hech birimiz unutmaymiz!
Bunday gapdan keyin yuraging larzaga keladi. Shunday oʻgʻlonlarni oʻstirgan xalqning vakili, oʻzbek ekanimdan yana bir bor gʻururlandim.
Belarusdan kelganimdan soʻng qahramonning jiyani Inobat opamiz bilan qoʻngʻiroqlashdim.
– Togʻamning byusti Shahrisabzda yana tiklanarmikan?, – deydi u titroqli ovozda.
– Albatta, tiklanadi, – deyman men ham ich-ichimdan qaltirab.
Ayting, men unga boshqa nima deyishim mumkin edi?
Kun boʻyi hatto oʻzidan bir donagina boʻlsa-da surat ham qoldirmagan, lekin jasoratni abadiyatga muhrlagan Shodi polvon Shoimovning qiyofasini xayolimda tiklashga, u bilan gʻoyibona suhbatlashishga urinaman. U tasavvurim kengligida jilmayib turadi: “Bobojon, siz halok boʻlganingizdan soʻng byustingizni tiklash uchun oradan yillar oʻtib singlingiz Tilovatning rasmidan foydalanishadi. Unga harbiy ust-bosh kiydirib suratga olishadi. Aytishlaricha, singlingiz sizga juda oʻxshar ekan. Oʻsha suvrat hozir Dashkovkadagi muzeyda saqlanmoqda...”
Oʻsha kuni koʻz oʻngimdan norgʻul va pahlavon oʻzbek oʻgʻloni siymosi sira nari ketmadi. Men uni qayerdadir, qachondir koʻrganday, u bilan suhbatlashganday boʻlaman... Kim bilsin, balki men uni koʻrgandirman, balki siz ham koʻrgandirsiz...
U bor-yoʻgʻi 18 yoshda edi. Boʻldi, boshqa yozolmayman, koʻz yoshlarim nigohimni xira etmoqda.
Faqat soʻnggi gapim: u bor-yoʻgʻi 18 yoshda edi. Urush, senga ming-ming laʼnatlar boʻlsin!
Qoʻchqor NORQOBIL,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yozuvchi.