BNQIZ: xalqaro hamkorlik
Kanadaning “Golden Horizon Exploration Inc” hamda Turkiyaning “TransAtlantic Petroleum” xorijiy kompaniyalari delegatsiyasi Buxoro viloyatiga amaliy tashrifi doirasida viloyatning ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishishdi.

Buxoro neftni qayta ishlash zavodi mutaxassislari hamrohligida mehmonlar zavodning ishlab chiqarish va infratuzilma sexlari bilan tanishdi. Korxona bilan tanishish asosiy ishlab chiqarish sexidan boshlandi. U yerda mehmonlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta texnologik jarayonlarni boshqarishga imkon beradigan markaziy boshqaruv xonasi namoyish etildi.

"Golden Horizon Exploration Inc" (Kanada) va "TransAtlantic Petroleum" (Turkiya) kompaniyalari vakillariga bugungi kunda zavodda 22 dan ortiq markalarni hisobga olgan holda 9 turdagi mahsulot ishlab chiqarilayotgani haqida ma’lumot berildi.

Mehmonlar yakuniy iste’molchiga yetib borgunga qadar mahsulotning har bir partiyasida bajariladigan ishlarning bosqichlari bilan tanishishdi. Uchrashuv davomida Buxoro NQIZning kelgusi yillarda rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, “Golden Horizon Exploration Inc” va “TransAtlantic Petroleum” kompaniyalari neft va gaz konlarini qidirish, rivojlantirish va optimallashtirishga ixtisoslashgan xususiy energetika kompaniyalaridir.
Zarif Komilov, O‘zA