BMTni moliyalashtirishda qaysi davlatlar yetakchi?
Bugungi kunda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) oldida global miqyosdagi ko‘plab dolzarb muammolarni hal etish vazifasi turibdi. Gumanitar inqirozlarni bartaraf etish, tinchlikparvarlik operatsiyalarini amalga oshirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlardagi faoliyat esa katta moliyaviy resurslarni talab qiladi. Ushbu xarajatlar davlatlarning majburiy va ixtiyoriy badallari hisobidan qoplanadi.
BMT tizimining moliyaviy barqarorligiga a’zo davlatlar tomonidan ajratiladigan mablag‘lar muhim hissa qo‘shadi. Hukumatlarning moliyaviy ajratmalari asosida BMTning muayyan tashkilotlari, dasturlari va gumanitar tashabbuslari moliyalashtiriladi.
BMT tizimi rahbarlarining muvofiqlashtiruvchi kengashi (UNCEB) ma’lumotlari asosida tayyorlangan 2025-yilga oid tahlil davlatlarning tashkilot tizimiga qo‘shayotgan moliyaviy hissasini ko‘rsatadi. Unga ko‘ra, eng yirik donorlar o‘ntaligidan yettitasini Yevropa davlatlari tashkil etadi. Germaniya esa Yevropa mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi.

Shu bilan birga, Shvetsiya, Norvegiya va Niderlandiya kabi davlatlar iqtisodiyoti ancha yirik bo‘lgan ayrim mamlakatlarga nisbatan tashkilotga ko‘proq mablag‘ ajratadi.
Moliyaviy hissalar o‘rtasidagi farqlanish Osiyoning yirik davlatlari misolida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonning BMT tizimiga badallari 211 million dollarni, Xitoyniki esa 2,7 milliard dollarni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar dunyoda aholisi eng ko‘p bo‘lgan ikki mamlakatning xalqaro tashkilotni moliyalashtirishdagi ishtiroki o‘rtasida sezilarli farq borligini ko‘rsatadi.
BMT byudjeti uchun har bir davlatning majburiy badali uning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda belgilanadi. Bunda yalpi milliy daromad, qarz yuki va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad kabi omillar inobatga olinadi.
Tinchlikparvarlik operatsiyalarini moliyalashtirishda esa alohida hisob-kitob mexanizmi qo‘llaniladi. Unda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari uchun yuqoriroq badal stavkalari nazarda tutilgan. AQSH qonunchiligi, odatda, mamlakatning tinchlikparvarlik operatsiyalarini moliyalashtirishdagi ulushini umumiy xarajatlarning 25 foizi bilan cheklaydi. Biroq, bu cheklovlar YUNISEF va Jahon oziq-ovqat dasturi kabi tuzilmalarga ajratiladigan ixtiyoriy mablag‘larga tatbiq etilmaydi.
Vashington uchun BMTni moliyalashtirish nafaqat moliyaviy majburiyat, balki diplomatik ta’sirni mustahkamlash, gumanitar maqsadlarga erishish va xalqaro barqarorlikni ta’minlash vositasi ham hisoblanadi. Ko‘p tomonlama tinchlikparvarlik operatsiyalari xavfsizlikni ta’minlash xarajatlarini turli davlatlar o‘rtasida taqsimlash imkonini ham beradi.
Shu bilan birga, BMTga qancha mablag‘ ajratilishi davlatning tashkilotdagi siyosiy ta’sirini bevosita belgilamaydi. BMT Bosh Assambleyasida har bir a’zo davlat, uning moliyaviy hissasi qancha bo‘lishidan qat’i nazar, bitta ovozga ega.
Demak, BMTni moliyalashtirishda iqtisodiy imkoniyatlar muhim o‘rin tutsa-da, tashkilotning asosiy tamoyillaridan biri — a’zo davlatlarning teng ovoz huquqini saqlab qolish.
Zuhra MIRZABOEVA,
O‘zA