BMT rahbari: Global hamkorlik parchalanish arafasida
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jahon yetakchilariga ochiq va keskin murojaat yo‘lladi: xalqaro hamkorlik atay zaiflashtirilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro huquq ochiqdan-ochiq buzilishi va geosiyosiy qarama-qarshilik kuchayishi global tizim poydevorini larzaga solmoqda.
Ma’lumki, Guterrish 2026 yil oxirida lavozimini tark etadi. U so‘nggi yillik hisobot nutqida dunyo “o‘zini o‘zi yemirayotgan bo‘linish” girdobiga tushib qolganini ta’kidladi. Muayyan davlatlarni nomini keltirmasa-da, rivojlanish va gumanitar yordam qisqarganini keskin tanqid qilib, bu BMT institutlari ishlashiga bevosita zarba berayotganini yashirmadi.
– Eng zarur pallada, biz xalqaro hamkorlik tizimidan juda kam foydalanyapmiz, – dedi rasmiy.
Guterrish BMT G‘azo, Ukraina va Sudanda tinchlik o‘rnatish yo‘lidagi sa’y-harakatdan voz kechmasligini bildirdi. Aynan yirik mojarolar tuzilma faoliyatiga muhr bo‘lib tushdi. Tanqidchilar esa tashkilotni ziddiyatlarning oldini olishda ojiz, deb baholamoqda. Xavfsizlik Kengashi AQSH, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik sabab falaj holatda.
BMT rahbari G‘azoga gumanitar yordam to‘siqsiz yetib borishi, Ukrainada urushni to‘xtatish uchun bor imkoniyat ishga solinishi, Sudanda muzokara qayta boshlanishi zarurligini yana bir bor takrorladi.
Ma’ruzasi yakunida Guterrish sun’iy intellekt sohasida suiste’mol qilish xavfi va chuqurlashib borayotgan tengsizlikka qarshi global miqyosda chora ko‘rishga chaqirdi. Xullas, yetakchining qarashi aniq: hamkorlik yemirilsa, oqibatini butun insoniyat his qiladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA