“Bizni qaritolmas yillar, zamonlar...”
Xuddi shu nomdagi kitob taqdimoti o‘tkazildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi tomonidan Milliy matbuot markazida iste’dodli jurnalist Sohibjon Alijonov xotirasiga bag‘ishlab, uning “Bizni qaritolmas yillar, zamonlar...” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbirda Sohibjon Alijonovning yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, gazeta va jurnallarning bosh muharrirlari, uyushma mas’ullari, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.
“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev, “Jadid” gazetasi bosh muharriri Iqbol Mirzo, O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi v.b Xolmurod Salimov va boshqalar taniqli jurnalist Sohibjon Alijonovni barcha hamkasblari hammaga yaxshilikni sog‘inuvchi, o‘zi ham ezgulikning qadriga yetadigan, samimiy, oqko‘ngil ijodkor sifatida g‘oyat qadrlaganlarini ta’kidladilar.
– Sohibjon men uchun ham do‘st, qadrdon, ham tanqidchim edi, – dedi O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo. – Yozganlarimni unga ko‘rsatardim. “Yaxshi”, desa, demak yaxshimas, “bo‘ladi”, desa, demak bo‘lmaydi, “yana qaytadan o‘qing”, desa, demak yaxshi bo‘lardi.
[gallery-19410]
– Sohibjon aka bilan «Diyor» telekanaliga ishga kelgan paytim tanishgan edim, – dedi O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi v.b Xolmurod Salimov. – Ular bilan ko‘p marta hamsuhbat bo‘lganman. Keyinchalik “Toshkent haqiqati” gazetasida, O‘zAda ishladim. Sohibjon aka doim “Yozishdan to‘xtamang”, deb aytardilar. Shunda bildimki, u kishi nainki yaxshi telejurnalist, balki bosma ommaviy axborot vositalarini sinchkovlik bilan kuzatuvchi ijodkor ekanlar. Sohibjon aka 25 yoshlarida Jurnalistlar uyushmasiga a’zo bo‘lgan ekan. Uyushmamizga bu yoshda a’zo bo‘lganlar juda kam. Yangi chop etilgan kitob Sohibjon Alijonovning yangi qirralarini kashf etishga xizmat qiladi.
Taniqli jurnalist Fathiddin Muhiddinovning aytishicha, Sohibjon Alijonov timsolida ko‘pchilik samimiy, fidoyi, jonkuyar insonni ko‘rgan.
– Bu yerga barcha yurak amri bilan, xotira hurmati yuzasidan tashrif buyurdi, – dedi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining o‘rinbosari Madamin Safarov. – Ularning ikki asosiy xislatlarini aytmoqchi edim. Sohibjon aka hech qachon birov haqida yomon gapirmas edi. Bordiyu suhbatlarda shunday vaziyat yuzaga kelsa, mohirlik bilan gurung o‘zanini boshqa mavzuga osonlik bilan burib yuborardi. Ikkinchi jihati – Sohibjon aka hech qachon topshiriqlarga malollik bilan yondoshmagan. Afsuski, ulardan keyin ko‘p davralar yo‘qolib ketdi. Biz ikki ijodkorni – Muhammadnozim Mavlonov hamda Sohibjon Alijonovni doim davralarda eslaymiz.
“Bizni qaritolmas yillar, zamonlar...” kitobi “Oltin meros press” nashriyotida yaqinda chop etilgan bo‘lib, uning birinchi qismidan Sohibjon Alijonovning qirqqa yaqin maqolasi, hikoyalari o‘rin olgan. Keyingi qismda esa ijodkorning 30 ga yaqin do‘stlari, maslakdoshlari tomonidan fikrlar, xotiralar, nurli yodnomalar keltirilgan. Jumladan, Sohibjon Alijonovning ota-onaga, yaqinlariga mehri va hurmati, qo‘l ostidagi xodimlariga saxovati, yosh jurnalistlarga ko‘rsatgan rag‘bati, qishloqdagi beg‘ubor yoshlik yillari, yangi ijodiy marralarga erishish maqsadida Toshkentga, markaziy telekanalga kelgan damlari, musofirchilikdagi qiyinchiliklari uning hamkasb va shogirdlari, qarindoshlarining hayotiy xotiralari orqali ifoda etilgan.
Sohibjon Alijonov 1968 yilda Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. 1992 yilda Toshkent davlat madaniyat institutining madaniy-ma’rifiy ishlar xodimi mutaxassisligini, 2003 yilda esa Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
Toshkentdagi faoliyatini “Yoshlar” telekanali “Davr” axborot dasturlari muharririyatida oddiy muharrirlikdan boshlagan va 2006 yilning avgust oyidan 2015 yilga qadar bosh muharrir sifatida ushbu muharririyatni boshqargan. 2015-2017 yillarda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” teleradiokanali direktori bo‘lgan. 2017-2019 yillar davomida “Toshkent teleradiokanali va “O‘zbekiston 24” teleradiokanali davlat unitar korxonalarida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Jurnalist 2020 yili “Do‘stlik” ordeni va bir qator ko‘krak nishonlari bilan taqdirlangan. 2019 yildan to umrining poyoniga qadar – 2023 yilning apreligacha Sohibjon Alijonov O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi tizimidagi “Axborot-tahliliy multimedia markazi” davlat muassasasining direktori lavozimida samarali faoliyat ko‘rsatgan edi.
Sohibjon Alijonovning “Egasi turtkilaganni begona tepkilaydi”, “Suyangani tor bo‘ldi”, “To‘y qarindoshda, g‘avg‘osi bizning boshda ... bo‘lmasin”, “Kesishdan oldin o‘lchavolsak” singari bir nafasda odamlar o‘qilib, e’tiborini tortadigan maqolalari katta bahs-munozaralaraga sabab bo‘lgan.
“Bizni qaritolmas yillar, zamonlar...” kitobidagi ko‘plab atoqli jurnalistlarning maqolalari orqali Sohibjon Alijonovning shaxsiyati haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lish mumkin. Kitobni nashrga tayyorlash jarayonida uning o‘g‘li, doimiy izlanishdagi jurnalist Azizjon Alijonovning jiddiy sa’y-harakatlari, otasining qalamiga mansub maqolalar, telesuhbatlarni turli manbalardan to‘plab, tahrirlab, do‘st-qarindoshlari bilan materiallarni tizimli jamlagani alohida tahsinga loyiqdir. Azizjonning fikricha, kelgusida ushbu nashrni yana yangi xotiralar, hayotiy maqolalar bilan boyitilishi ko‘zda tutilmoqda.
– Bu kitob biz uchun juda qadrli, – dedi jurnalist S.Alijonovning umr yo‘ldoshi Karima Alijonova. – Zero, nevaralarimiz shu kitob orqali bobosi kim ekanini bilib, faxrlanib yuradilar. Turmush o‘rtog‘im juda qisqa, lekin mazmunli hayot kechirdilar. Farzandlarining to‘ylarini, nabiralarni ko‘rdilar. Farzandlarim otasining orzularini ro‘yobga chiqarishini juda istayman. Ulardan yaxshi farzandlar, yaxshi shogirdlar qoldi.
Xotira anjumanida ishtirokchilarga kitob hadya etildi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (suratlar), O‘zA