Biznesga imtiyoz, aholiga qulaylik — Yangi Toşkentdagi ulkan bunyodkorlikning asl mantiği
Tirband çorrahada soatiga qarab bezovtalanayotgan haydovçi, bolasini maktabga olib borişga şoşayotgan ota-ona, yil sayin tiğizlaşib borayotgan mavzelar. Bular dunyodagi yirik şaharlarda tez-tez kuzatiladigan holatlar. Şunday manzara azim poytaxtimiz uçun ham begona emas.
Aholi soni oşgani sayin Toşkent şahri infratuzilmasi bu bosimni kötarişga qiynalayotgani sir emas. Aynan şu kundalik zöriqiş Yuqori Çirçiq va Örta Çirçiq tumanlari hududidagi qariyb 20 ming gektar maydonda qurilişi jadal davom etayotgan Yangi Toşkentni poytaxtning nafasini rostlovçi hayotiy zaruratga aylantirmoqda.
Mamlakat tarixidagi eng yirik bu şaharsozlik loyihasining boş vazifasi amaldagi Toşkentning yukini yengillatişdir. Tasdiqlangan master-rejaga köra, yangi şahar 2 million nafar aholi yaşaşiga möljallangan. Birinçi bosqiçning özida 6 ming gektar maydonda 600 ming kişi uçun zarur infratuzilma yaratilib, qiymati 50 milliard dollarga teng ilğor texnologik loyihalarni amalga oşiriş rejalaştirilgan. Bu yuz minglab oilalarning uy-joy masalasi bilan birga, markazga qatnab işlaş majburiyatini kamaytiradigan yangi maʼmuriy, işbilarmonlik va madaniy nuqtalar şakllanişini anglatadi.
Yangi hudud odamlar uçun çinakam qulay maskanga aylanişi avvalo transport va ekologiya yeçimiga boğliq. Poytaxt bilan uziliş yuz bermasligi uçun ikki şaharni boğlovçi metro liniyasi, köpriklar, tunnellar hamda yer usti va yer osti veloyölaklari barpo etilmoqda. Ekologik talab esa faqat poytaxtdagi “Yaşil makon” umummilliy dasturi doirasida köçat ekiş bilan çeklanmaydi. U yangi şaharning meʼmoriy poydevoriga singdirilgan. Bu yerda qad rostlayotgan barça obʼektlar energiya va suv tejamkor xalqaro “yaşil bino” mezonlariga javob berişi şart.
Yirik quruvçilar ekologik talabdan tejab qolişga urinmasligi uçun moliyaviy rağbat ham nazarda tutilgan. Qiymati juda yuqori bölgan noturar joy loyihalarining xalqaro “yaşil” sertifikat oliş xarajatlari davlat byudjetidan töliq qoplab beriladi.
Biroq zamonaviy şaharni faqat byudjet mablaği evaziga emas, balki yirik xususiy sarmoyani jalb etiş orqali barpo etiş mumkin. Şu maqsadda investorlar uçun alohida huquqiy muhit yaratildi.
– Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyevning 2026-yil 10-noyabrdagi tegişli farmoni bilan Yangi Toşkent va maxsus hududlarda yirik investitsiya loyihalarini qöllab-quvvatlaşning “davlat – investitsiyaviy şerik” tamoyiliga asoslangan maxsus huquqiy tartibi yölga qöyildi, – dedi Toşkent şahar hokimining birinçi örinbosari Baxtiyor Rahmonov. – Qiymati kamida 50 million dollar bölgan loyihalar taşabbuskorlari uçun köplab imtiyozlar paketlari taqdim etilmoqda. Bu imtiyozlar qisqa muddatli foyda ortidan quvuvçilarni emas, balki uzoq yillar davomida işlaydigan yirik kapitalni jalb qilişga qaratilgan.

Bundan taşqari, boş pudratçi va loyiha taşkilotlari xorijiy kompaniyalardan sotib olinadigan xizmatlar uçun qöşimça qiymat soliği tölamaydi, qayta investitsiya qilingan dividendlar esa 2040-yilga qadar soliqdan ozod qilinadi. Boşqaça aytganda, biznes topgan daromadini şahardan olib çiqib ketmay, yana şu yerda yangi iş örinlari va xizmatlar yaratişga yönaltirişi iqtisodiy jihatdan manfaatli qilib qöyildi.
Loyiha allaqaçon amaliy jadal quriliş bosqiçiga ötib ulgurdi. Ötgan qisqa davrda Yangi Toşkentda “Şarq bahori” turar joy majmuasining dastlabki bosqiçi, “Sohil boği”, 2 ming örinli maktab va Savdo-sanoat palatasi binosi foydalanişga topşirildi. Ayni paytda oliy taʼlim kampuslari, Milliy kutubxona, yirik sport stadioni va Deep Tech Park kabi innovatsion maskanlar qurilişi eng sönggi bosqiçlarda.
Uy-joy, maktab, boğ, universitet va texnologik markazning bir hududda uyğunlaşuvi yangi şaharni tölaqonli hayot qaynaydigan muhitga aylantirişga xizmat qiladi.
Yangi Toşkentning asl qiymati bugun eʼlon qilinayotgan milliardlab dollarlik rejalar yoki soliq imtiyozlari bilan belgilanmaydi. Bu sözimiz boşida taʼkidlaganimizdek, tirband çorrahalarning yengillaşişi, toza havo, ota-onalar farzandini uyiga yaqin maktabga asabiylaşmay, soya-salqin xiyobon böylab kuzatib qöyişi kabi omillar bilan baholanadi.
Gulnoza Boboyeva, ÖzA