Biznes uchun yangi imkoniyatlar: O‘zbekiston delegatsiyasi Bishkekda qator uchrashuvlar o‘tkazdi
Ayni kunlarda Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida O‘zbekistonning yetakchi tahlil markazlari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ekspertlar delegatsiyasi amaliy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston–Qirg‘iziston munosabatlarining bugungi holatini atroflicha muhokama qilish hamda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
Tashrif doirasida savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Eksportchilar uyushmasi vakillari bilan birgalikda O‘zbekiston–Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasida uchrashuv o‘tkazdi.
Ishtirokchilar davlat rahbarlari tashabbusi bilan tashkil etilgan Jamg‘arma qo‘shma tashabbuslarni amaliy ro‘yobga chiqarishning muhim vositasi hamda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanganini ta’kidladilar.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan Jamg‘arma boshqaruvi raisi Aziz Aaliyev mazkur tuzilma qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda muhim o‘rin tutayotganini qayd etdi. Bugungi kunga qadar umumiy qiymati 60 million AQSH dollariga teng 37 ta loyiha amalga oshirish uchun ma’qullangan. Hamkor investorlar mablag‘lari hisobga olinganda esa ushbu ko‘rsatkich 100 million AQSH dollariga yetadi.

Shu bilan birga, konstruktiv muloqot davomida Jamg‘arma faoliyati samaradorligini yanada oshirish va uning salohiyatidan to‘liq foydalanish masalalari muhokama qilindi. Ichki tartib-taomillarni maqbullashtirish hamda loyiha arizalarini kelishish jarayonini jadallashtirish orqali Jamg‘arma faoliyatini o‘zgaruvchan bozor sharoitlariga moslashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif dasturining navbatdagi bandi doirasida delegatsiya savdo, qurilish, moliyaviy xizmatlar va sanoat kooperatsiyasi kabi turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 50 nafardan ortiq qirg‘izistonlik va o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Muloqot davomida barcha yo‘nalishlarda sheriklikning yuqori darajaga ko‘tarilgani, mavjud to‘siqlar izchil bartaraf etilayotgani va umumiy iqtisodiy makon shakllanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu bilan birga, hamkorlikda hali to‘liq ishga solinmagan salmoqli salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Xususan, Qirg‘izistonda qurilish sohasi o‘tgan yili 21 foizga o‘sgani inobatga olinib, mazkur yo‘nalishdagi mutaxassislarga talab yuqoriligi hamda bozor ehtiyojlarini o‘z vaqtida qondirish uchun migratsiya qonunchiligini soddalashtirish muhimligi qayd etildi. Shuningdek, o‘zaro safarlar soni jadal ortayotgani ta’kidlandi: 2025-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 9 million nafar sayyohning 3,3 milliondan ortig‘ini Qirg‘iz Respublikasi fuqarolari tashkil etdi.
Qirg‘izistonda ham shunga o‘xshash tendensiya kuzatilmoqda: ishbilarmonlik aloqalari faol mustahkamlanib, xizmat safarlari soni izchil ortib bormoqda. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston aviakompaniyalari O‘zbekiston shaharlariga, avvalo, Xiva, Samarqand va Farg‘onaga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirdi. O‘tgan yillarga nisbatan haftalik reyslar soni 3 tadan 40 dan ortiqqa oshganiga qaramay, talab hamon yuqori ekani ta’kidlandi.
Transport-logistika masalalari ham alohida muhokama qilindi. Qirg‘iziston bozorida talab ortib borayotgani inobatga olinib, tadbirkorlar yuklarni tezkor yetkazib berish uchun yuk avtomobillari parkini kengaytirish muhimligini qayd etdilar. Shuningdek, turizm va bank moliyalashtirishi bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Mazkur masalalarning barchasi ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilangan strategik maqsad — o‘zaro savdo hajmini 2 milliard AQSH dollariga yetkazishni amalda ta’minlash nuqtai nazaridan muhokama qilindi. Ishtirokchilar sanoat kooperatsiyasining ulkan salohiyati va an’anaviy do‘stona munosabatlar butun Markaziy Osiyo mintaqasida integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish uchun ishonchli zamin bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.



O‘zA