Biznes uchun ilk qadam
Namanganda Respublika Vazirlar Mahkamasi Ishchi guruhi hamda Namangan viloyati hokimligi tashabbusi bilan “Ayollar biznesi uchun birinchi qadam” mavzusida forum o‘tkazildi.
Tadbirkor va hunarmand ayollar bilan ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan tadbirda ishbilarmonlik sohasida tajriba ega opa-singillar bilan bir qatorda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi xotin-qizlar ham ishtirok etdi. Dastlab seminar doirasida tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari – viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Dinara Yaqubova keyingi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida yurtimizda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ayniqsa, ishbilarmon ayollarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotganligini ta’kidladi.
Namangan viloyatida ayni shu yo‘nalishda tasdiqlangan dasturga ko‘ra, 65 ta o‘quv muassasasida 20 ming 572 xotin-qizni kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish rejalashtirilgan. Qolaversa, O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan xotin-qizlar tadbirkorligi loyihalarini moliyalashtirish hamda ularning bandligini ta’minlash maqsadida 86 milliard so‘m ajratilgan.
[gallery-17635]
Anjuman yakunida bir guruh xotin-qizlarga mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi hokim yordamchilarining tavsiyasi bilan subsidiya asosida tikuv mashinalari topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari