Biz bilgan va bilmagan nomzodlar
Saylov –2021
bugungi kunda saylov yaqinlashgan sari siyosiy partiyalardan Prezidentlik uchun ko‘rsatilgan nomzodlar to‘g‘risida jamoalarda, ijtimoiy tarmoqlarda, qo‘yingki, barchaning og‘zida xilma-xil fikr, bahs-munozaralar, munosabatlar bildirilmoqda. Mazkur fikrlar ichida ularning kasbiy professionalligi, ilmiy salohiyati, boshqaruvchilik mahoratiga shubha ostida qarashlar ham uchraydi.
Xo‘sh, biz ular haqida nimalarni bilamiz?
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maksuda Vorisova. Hozir O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi Deputatlik birlashmalarining ishini muvofiqlashtirish va jamoatchilik qabulxonalari bilan ishlash masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat olib bormoqda. Mehnat faoliyati va bosib o‘tgan yo‘liga nazar tashlaydigan bo‘lsak, shifokor-terapevt, oilaviy poliklinika mudiri, Kengash deputati, Senat a’zosi kabi lavozimlarda ishlagan.
U shifokor bo‘lganligi uchun odamlarning nafaqat jismoniy, fiziologik dardini his qilaoladi, balki xalqning ichidagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy masalalarga ham chuqur kira olgan va tushunadi. Undagi intiluvchanlik, o‘z ustida doimiy ishlashi shifokor-terapevtlikdan, rahbarlikka, rahbarlikdan siyosiy hayotga kirib kelishiga asosiy omil bo‘lib xizmat qildi.
Mazkur prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida yagona ayol kishining mavjudligini mamlakatimizda istiqlol yillarida rahbar ayollar sinfi shakllanib kelganligi, gender masalalari borasida olib borilayotgan oqilona davlat siyosatining natijasi sifatida e’tirof etish o‘rinli. Dunyo tarixida mamlakatni boshqargan, lider bo‘lgan ayollarga ko‘plab misollar mavjud. Indira Gandi, Margaret Tetcher, Benazir Bxutto va boshqalar. Jahon tajribasi bizga shuni ko‘rsatadiki, Germaniya Federativ Respublikasi kansleri Angela Merkel ketma-ket 4 muddat federal kansler lavozimiga saylanib, mamlakatni muvaffaqiyatli boshqarayotgan ayol rahbarlardan biridir.
Mamlakatimiz tarixida ham o‘chmas iz qoldirgan To‘maris, Qurbonjon Dodhox, Bibixonim, Nodirabegim, Uvaysiy, Zebiniso, Zulfiyaxonim kabi oqila, yetakchi ayollar bo‘lganligi ma’lum. Maksuda Varisova ham Prezidentlik uchun boshqa nomzodlar kabi teng imkoniyatlarga ega. Maksuda Vorisova mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi ayol Prezident bo‘lsa, ne ajab.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimov. Mutaxassisligi filolog-sharqshunos, arab va ingliz tillari o‘qituvchisi. Tarix fanlari doktori, professor. B.Abduhalimovni biz ko‘p yillar fan va ta’lim sohasida faoliyat yuritgan olim sifatida taniymiz. U Markaziy Osiyo tarixi, fan tarixi, islom, sharq qo‘lyozma asarlari, arab davlatlari, arab tili bo‘yicha yirik mutaxassis.
Bosib o‘tgan hayot va mehnat faoliyatiga e’tibor bersak, tarjimon, yetakchi mutaxassis, kichik ilmiy xodim, ilmiy xodim, ilmiy kotib, direktor o‘rinbosari, prorektor, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. Shuningdek, mehnat faoliyati mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimida ham ishlagan. Ish faoliyati va qaror qabul qilish jarayoniga ham ilmiy asosda yondashadi. Uning ilmiy tadqiqotlarining natijalari 100 ga yaqin ilmiy maqola, risola va monografiyalarda o‘zbek, rus, ingliz va arab tillarida e’lon qilingan.
Jahon tajribasida olimlarning Prezident sifatida davlat boshqaruviga kelgan misollar talaygina. Mashhur olim, yurist, professor, Nobel mukofoti laureati Vudro Vilson AQSHning 28-prezidenti sifatida (1913-1921 y.y.) davlatni boshqargan. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abduhalimovni ilmdan siyosatga kirib kelgan katta tajribali shaxs sifatida taniymiz.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Qodirov. Hozir mazkur partiyaning markaziy kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari sifatida samarali faoliyat olib bormoqda. U mehnat faoliyatini Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tizimida yetakchi mutaxassislikdan boshlab bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i lavozimlarida, shuningdek, Qonunchilik palatasi deputati, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Mutaxassisligi filolog-iqtisodchi. A.Qodirovni biz mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotidagi jarayonlarga, bo‘layotgan voqelikka tezkorlik bilan OAVlarda o‘z munosabatini bildirishi bilan taniymiz. Alisher Qodirovning shaxsi, siyosiy-psixologik portretiga chizgi beradigan bo‘lsak, qarashlari, keskin fikrlar bildira olish qobiliyatiga egaligi jihatidan xarizmatik lider sifatida namoyon bo‘lmoqda. Unda hokimiyatga intilish motivatsiyasi kuchli. U shaxs va siyosiy rahbar sifatida o‘z partiyasining ishonchini olgan va elektorat ichida ko‘plab odamlar simpatiyasini qozona bilgan nomzodlardan biri.
Mamlakatimizning eng yosh siyosiy partiyasi –O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Oblomurodov. Mutaxasisligi iqtisodchi, fan nomzodi, dotsent. Buyuk Britaniyaning Birmingem universitetini tamomlagan. Ko‘p yillar oliy ta’lim tizimida kafedra mudiri, dekan lavozimlarida faoliyat yuritgan. Bank-moliya sohasi, qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul lavozimlarida ishlagan. N.Oblomurodov hozirgi kunda O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi lavozimida samarali faoliyat olib bormoqda.
Mazkur partiya birinchi marotaba Prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodini ilgari surib, ishtirok etayotganligiga qaramasdan saylovoldi dasturida davlat va jamiyat boshqaruvida katta islohotlarni amalga oshirishni o‘z oldiga qo‘ymoqda. Uning bosib o‘tgan hayot yo‘liga nazar tashlasak, xorijiy tajribaga ega bo‘lgan, strategik fikrlay oladigan ilmiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan o‘sib kelayotgan istiqbolli boshqaruv kadrlaridan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyev. Mazkur partiyadan ilgari surilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev haqida xalqimiz uchun ortiqcha ta’rif berishning zarurati yo‘q, deb o‘ylayman.
Har bir nomzodning ortida katta hayotiy tajriba, chuqur bilim va salohiyat, ularni qo‘llab-quvvatlovchi elektorati turibdi. Yaqinlashib kelayotgan Prezidentlik saylovlari o‘zining qizg‘in pallasiga chiqmoqda. Shunday qilib, mamlakatimiz jo‘shqin rivojlanish bosqichiga kirdi, fikrlar xilma-xilligi, yangi siyosiy irodaga ega rahbarlar shakllanayapti. Eng asosiysi, fuqarolarimiz mamlakatda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarga befarq emas.
Anvarjon Mirkomilov,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bosh mutaxassisi