Biz – bag‘rikeng mamlakatmiz!
Namanganda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostida festival bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatda istiqomat qilayotgan turli millat va elat vakillarining milliy urf-odatlari, taomlari, qadriyatlari, hunarmandchilik ishlari namoyish etildi.
Mamlakatimizda, xususan, Namangan viloyatida millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va hamjihatlikni ta’minlashga doir vazifalarni bajarishda davlat tashkilotlari bilan milliy-madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari, ijodiy uyushmalar, nodavlat-notijorat tashkilotlarining faoliyatini idoralararo muvofiqlashtirishga alohida e’tibor berilmoqda.

Yurtimizda barcha fuqarolarni millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar teng huquqli fuqaro sifatida qonuniy manfaatlari ta’minlanib, millatlararo do‘stlik va o‘zaro bag‘rikenglikni mustahkamlash doimiy e’tibor markazida. Bu jarayonda respublikamizda 130 dan ziyod, shu jumladan, Namanganda istiqomat qilayotgan 45ga yaqin millat va elat vakillarining munosib ulushi bor.
Badiiy-musiqali dasturda turli millat vakillari o‘zlarining jozibali kuy-qo‘shiqlari va raqslarini mohirona ijro etib, yig‘ilganlarga xursandchilik ulashdi.

Tadbirda yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan viloyat qirg‘iz, tojik, rus va koreys milliy madaniy markazlariga 50 million so‘m miqdoridagi mablag‘ sertifikatlari taqdim etildi.
– Millati, elatidan qat’iy nazar har bir inson borki, o‘zlarini yagona oilada, o‘zaro do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglikda yashab, O‘zbekistonni o‘z vatani deb, hisoblaydi, – deydi viloyat qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Nodira Mirzaolimova. – Shular qatorida Namanganda 20 mingdan ortiq qirg‘izlar ham mamlakatimiz rivojiga daxldorlik hissi bilan yashamoqda.

Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi Yelxon mahallasida to‘qqiz millat va elatga mansub 2 ming 200dan ziyod aholi o‘zaro ahil va farovonlikda umrguzaronlik qilmoqda. Mahalla ahli o‘z uyining obodligiga qarash bilan birga butun mahalla hududi bilan bog‘liq har qanday yumushlarga aslo befarq emas. Bu ularning bir-biri bilan do‘st, aka-uka, opa-singil tutinganidan nishona.
– Mahalla aholisining 75 foizini qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar tashkil etadi, – deydi hunarmand Halima O‘razova. – Biz bilan birga o‘zbeklar, ruslar, ozarlar, qozoqlar, koreyslar ham istiqomat qiladi. Uzoq yillar davomida Namangan xalqaro aeroportida ishchi sifatida mehnat qilib, hurmat-ehtiromda pensiyaga chiqqanman. 40 yildan buyon esa kashtachilik va milliy ro‘zg‘or buyumlari namunalarini tikish bilan shug‘ullanib kelaman. O‘tgan vaqt davomida qanchadan qancha shogirdlarni yetishtirib, oilasiga, ro‘g‘origa ko‘makchi qilib yetishtirdik.

“Sepli qiz – epli qiz” deganlaridek, qizlarimizni turmushga obdon tayyorlashda hunarning o‘rni beqiyos. Shukr, biz, qirg‘izlar yashaydigan mahalla ham obod va ko‘rkam maskanga aylandi. Yo‘llarimiz to‘la asfaltlandi. Bolalar bog‘chasi ta’mirdan chiqarildi. Ichimlik suvi va tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi.
Shu o‘rinda aytish darkor, bu kabi tadbirlar dillar va tillarni, qalblarni birlashtirish asnosida eng avvalo, Yangi O‘zbekistonda umrguzaronlik qilayotgan turli millat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirishga, jamiyatda ko‘p millatli katta oila tuyg‘usini, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Festivalda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA