Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash muhim vazifa
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “Karera kuni” va “Bo‘sh ish o‘rinlari” yarmarkasi o‘tkazildi.
Tadbirda institut rektori Orifjon Bozorov so‘zga chiqib Prezidentimiz tomonidan yoshlarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini, yoshlarga keng imkoniyatlar berilayotganini e’tirof etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, professor Saidahror G‘ulomov, Kitob tumanidagi “Qarshi Conch Cement” MCHJ xususiy korxonasi mas’ul xodimi janob Chen Jia ham o‘z mulohazalarini bildirdi.
“Karera kuni” va “Bo‘sh ish o‘rinlari” yarmarkasi doirasida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, “Qarshi Conch Cement” MCHJ xususiy korxonasi, “O‘zenergoinspeksiya” Qashqadaryo hududiy bo‘limi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Institut hovlisida yosh olimlar tomonidan ilmiy tadqiqot ishlari namoyish etildi. Shuningdek, institut bosh binosi, iqtisodiyot hamda neft va gaz fakultetlarida talabalar va bitiruvchilar uchun davra suhbati, mahorat darsi hamda seminar-treninglar, bitiruvchi kurs talabalarining bo‘sh ish o‘rinlariga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi sertifikatlarni topshirish tadbirlari o‘tkazildi. Neft va gaz fakultetida asosiy xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalaridan biri – Belarus milliy texnika universiteti bilan teleko‘prik tashkil etildi.
Tadbirda “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ, “Uzbekistan GTL”, “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ, “O‘zstandart” agentligi Qashqadaryo filiali, Dehqonobod kaliy zavodi, Qashqadaryo viloyati markaziy banki, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti kabi 50 dan ortiq korxonalar, muassasalar mutaxassislari va ish beruvchilari ishtirok etdi.
– Joriy o‘quv yilida bakalavr ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisliklarini 2074 nafar bitiruvchi tamomlaydi, – deydi institut marketing va talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev. – Hozirda ulardan 717 nafari o‘z ish o‘rniga ega. Bundan tashqari, quyi bosqich talabalaridan 964 nafari ham ishli bo‘lgan. bugungi tadbirda QarMII talabalaridan yana 1211 nafari o‘z ish o‘rniga ega bo‘ldi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, institut yoshlari orasida “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ va “Uzbekistan GTL” MCHJ kompaniyasi tomonidan e’lon qilingan stipendiya dasturi va amaliyot o‘tash bo‘yicha e’lon qilingan tanlovlarda g‘olib bo‘lgan talabalarga sertifikatlar topshirildi.
–O‘tgan yili “Uzbekistan GTL” korxonasi tomonidan ta’sis etilgan stipendiyalar tanlovida g‘olib bo‘lgan edim, – deydi neft va gaz fakulteti talabasi Muzaffar Hamidov. – Kuni kecha amaliyotni ham shu zavodda o‘tkazdik. Nasib qilsa, bu yil institutni tamomlab, ishni ham o‘sha yerda boshlashni niyat qilib turibmiz. Amaliyot davrida o‘zimiz uchun yangilik bo‘lgan ko‘plab ma’lumotlarga, ko‘nikmalarga ega bo‘ldik. “Karera kuni” bitiruvchi talabalarning o‘z ish o‘rniga ega bo‘lishiga, o‘z maqsadlariga erishishiga katta yordam beradi. Yurtimizda bo‘lgani kabi institutda ham talabalarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, institutda ta’lim olayotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishlashga ehtiyoji bor talaba-yoshlarning 62 nafari oliygohdagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirildi. 308 nafar talabani institut hududida joylashgan savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalariga ishga jalb qilish orqali bandligi ta’minlandi.
[gallery-11805]
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi tadbir fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani yanada rivojlantirish, talaba-yoshlarning bandligini ta’minlashda belgilangan davlat siyosatining amaldagi ifodasi bo‘ldi.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA