Bitiruvchilarga diplomlar topshirildi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun tashkil etilgan 6 oylik yuridik mutaxassislik bo‘yicha qayta tayyorlash kurslari bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplomlar topshirildi.
Olti oy davomida tinglovchilar davlat huquq nazariyasi, konstitutsiyaviy, fuqarolik, mehnat, ma’muriy va jinoyat huquqi kabi asosiy yuridik fanlar bo‘yicha chuqur nazariy bilimlarga ega bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlar orqali kasbiy kompetensiyalarini mustahkamladi. O‘quv jarayoni tajribali professor-o‘qituvchilar hamda amaliyotchi mutaxassislar ishtirokida zamonaviy ta’lim yondashuvlari asosida tashkil etildi.
Bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmalari yakuniy davlat attestatsiyasi orqali baholanib, kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga davlat namunasidagi diplomlar topshirildi.

Endilikda bitiruvchilar yuridik xizmatlarda davlat xizmatlari markazlari va FHDYO organlarida barcha lavozimlarda, advokatura va notariat tizimida, oliy yuridik ma’lumot talab etilmaydigan lavozimlarda hamda yuridik maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tijorat tashkilotlarida faoliyat yuritish imkoniyatiga ega.
Mazkur qayta tayyorlash dasturi oliy ma’lumotga ega, biroq yuridik mutaxassislikka ega bo‘lmagan fuqarolarga qisqa muddatda zamonaviy yuridik bilimlarni egallash, kasbiy salohiyatini oshirish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanish imkonini yaratmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida "Tergov faoliyati" yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan ilk bakalavr bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida yosh mutaxassislarning qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, kasbiy halollik, adolat va fidoyilik tamoyillariga sodiq holda faoliyat yuritishi mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish tizimini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA