Bitiruvchilar parvozga tayyor
Navoiy davlat universitetida bitiruvchilarga diplom topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. 2025-2026 o‘quv yilida Navoiy davlat universitetini 4889 nafar, jumladan, 35 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishini 4662 nafar va 18 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha esa 227 nafar talaba tamomladi.
– Ushbu oliygoh nafaqat viloyatimizda, balki respublikada ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi, – deydi universitet rektori Muhiddin Kalonov. – Bugun 43 yillik tarixga ega bo‘lgan ushbu muassasa bitiruvchilari o‘z sohalarining yetuk mutaxassislari sifatida mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Bu yerda yoshlarning barkamol shaxs sifatida ta’lim va tarbiya olishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Universitetimizda ta’lim sifati, inklyuziv muhit, ekologik mas’uliyat va ijtimoiy farovonlikka qaratilgan ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Navoiy davlat universiteti nufuzli Times Higher Education Impact Rankings 2026 xalqaro reytingida 601-800 o‘rinlar oralig‘idan joy oldi. Mazkur natija mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning, xususan, ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ta’lim muassasalarining akademik va moliyaviy mustaqilligini kengaytirish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samarasidir.
Albatta, bugungi kunda yurtimizda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda. Ularning ijtimoiy faolligi, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik hissi kuchayib bormoqda, Yangi O‘zbekiston davlatini barpo etishdagi ishtiroki kengaymoqda.
[gallery-30441]
– Inson uchun eng katta baxt ilm yo‘lida erishgan yutuqlaridir. Bugun universitetni tamomlab, magistr darajasiga erishdim, – deydi Shahnoza Mahmudova. – Bugun biz kabi bitiruvchilar uchun unutilmas daqiqalardan biri bo‘lmoqda. Ustozlar qo‘lidan magistr diplomini olar ekanman, ularning tilaklari menga katta dalda va g‘urur bag‘ishladi. Mening shu darajaga yetishishimga, qator muvaffaqiyatlarga erishishimda ustozlarimning xizmati juda katta. Ularga ming rahmat.
Tadbirda bir guruh bakalavriat va magistratura bosqichini tamomlagan talabalarga diplomlar topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari