Bitiruvchilar bandligi ta’minlanadi
Nukusda kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Nukusda kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yosh avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk insonlar etib tarbiyalash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puxta egallashi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilayotgani ta’kidlandi.
Joriy o‘quv yilida Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni 24 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz 96 mutaxassislik bo‘yicha tamomladi. Ularning mingdan ziyodi xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yoshlarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagini kuchaytirmoqda. Chorvachilik, asalarichilik, issiqxona barpo etish, hunarmandlik va zamonaviy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, bir so‘z bilan aytganda, el-yurtga naf keltirishga intilmoqda.
To‘rtko‘l transport kasb-hunar kollejini tamomlagan 630 dan ziyod o‘quvchining asosiy qismi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirildi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan 16 bitiruvchiga tijorat banklari tomonidan tegishli kredit mablag‘lari ajratilmoqda. O‘qishni davom ettirishni maqsad qilgan yoshlar mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida test sinovlarini topshirdi.
Seminarda yoshlarning biznes reja tuzish, ro‘yxatga olish va moliyalashtirish ishlariga ko‘maklashish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan “Yagona oyna” sayyor birlashmasi faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan fikr-mulohaza almashildi. Bu usul Amudaryo tumanidagi 7 kasb-hunar kollejida tajribadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
– Amudaryo tumanidagi kasb-hunar kollejlarida tashkil etilgan “Yagona oyna” sayyor birlashmalari faoliyati bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etishda yaxshi samara bermoqda, – deydi To‘rtko‘l transport kasb-hunar kolleji direktori Ozod Qo‘chqorov. – Bu tajribani ommalashtirish, barcha kasb-hunar kollejlariga tatbiq etish maqsadga muvofiqdir.