Bitiruvchi yoshlar bandligi ta’minlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi San’at saroyida bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida “Bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi” tashkil etildi.
Yarmarkada yoshlarga jami 243 ta korxona, tashkilot, tadbirkorlar hamda tuman shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlari tomonidan 8854 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etildi. Korxona va tashkilotlar mas’ullari o‘zlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, xorijiy ish beruvchilardan biri, Turkiyaning “Chukurovo” bandlik agentligi 500 nafar kishini enagalik (bolalar va qariyalarni parvarishlash) ishiga joylashtirishga oid taqdimoti bilan ishtirok etdi.
[gallery-18117]
Mehnat yarmarkasida 213 nafar bitiruvchi-talaba korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirildi, 289 nafari mavsumiy ishga, 158 nafari esa kasb-hunarga o‘qitishga jalb etildi. Bundan tashqari, 268 nafar yoshga huquqiy maslahatlar berildi.
Tadbir doirasida “Hokim va bitiruvchi talabalar uchrashuvi” o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi U. Qosimov, Termiz davlat universiteti rektori A. Toshqulov, bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Ma’lumki, 2020 yilda Termiz davlat universiteti rektori A. Toshqulov tashabbusi bilan mazkur oliygohda yuridik fakulteti yo‘nalishi ochilgan. Joriy yilda ushbu fakultetni 298 nafar ilk bitiruvchisi katta hayot ostonasiga qadam qo‘yadi. Bitiruvchilarning 221 nafari yurisprudensiya, 77 nafari milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi yo‘nalishida saboq olgan.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi bitiruvchi talabalarni muborakbod etib, kelgusi ishlarida omad tiladi, sharafli kasbda samarali faoliyat yuritishlariga ishonch bildirdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA