Birovning mushkulini oson qilish katta savob
Xalqimiz uchun ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat, olijanoblik va shukronalik timsoli bo‘lgan muborak Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma’rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lash millatimizga xos ezgu fazilat, azaliy qadriyatdir.
Prezidentimizning joriy yil 21 martdagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Jizzax viloyatida ham bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat shahar va tumanlaridagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan inson qadrini ulug‘lash, mehr-saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan Jizzax viloyatidagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar uchun “Bir musulmonning og‘irini yengil qilish – bizga ham qarz, ham farz!” ezgu g‘oyasi ostida qishloq va mahallalarda iftorliklar tashkil etilmoqda. Xayru saxovatli mo‘min musulmon birodarlarimiz bu oyda boshqa oylarga nisbatan mo‘lroq rahmat yog‘ilishi va tevarak-atrofga sochilgan fayzu-barokat nuridan bahramand bo‘lishga intilib yashaydi. Bu yilgi Ramazonda viloyat mahallalaridagi kam ta’minlanganlar uchun tashkil etilayotgan iftorliklar ana shunday go‘zal oyni yanada fayzli, tarovatli o‘tkazishga xizmat qilmoqda.

Ayni kunlarda sektorlar rahbarlari, imom xatiblar joylarda iftorlik tashkil etib, hikmatli sabr oyida mehr-muruvvat va saxovat kabi yuksak fazilatlarni keng namoyon etmoqda, yotib qolgan, keksa nuroniylar, bemorlar holidan xabar olmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Jizzax viloyati bo‘lim boshqaruvi tomonidan Baxmal tumanidagi “Oqtosh” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan, ehtiyojmand, yotib qolgan bemorlar, nuroniy otaxon va onaxonlar holidan xabar olinib, ishga layoqatli nogironlarga o‘zini o‘zi band qilish maqsadida tikuv mashinkasi, zarurmandlarga kiyim-bosh hamda ehtiyojmandlarga 17 turdagi oziq-oqvat mahsulotlari tuhfa etildi.
Mahalla markazida yozilgan iftorlik dasturxoni atrofiga jam bo‘lganlar, Vatanimizga tinchlik, joylarda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarga bardavomlik, har bir xonadonga fayzu barokat tilab, duolar qilindi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan beqiyos o‘zgarishlar, xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, joylarda keng quloch yozayotgan milliy qadriyat va an’analarimizning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni singari mavzularda dildan suhbatlashildi.

Baxmal tumani O‘smat shaharcha fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muxtoj, nogiron, kam ta’minlangan oilalar vakillaridan 350 nafar fuqaroga ham “Navro‘za” to‘yxonasida tuman hokimligi, cyektor rahbarlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan xuddi shunday iftorlik tashkil etildi.
Shu kabi xayr-saxovat tadbirlari viloyatning barcha qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida tashkil etilmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA