Birorta bola mehr va e’tibordan chetda qolmaydi
bugungi kunda yurtimizda har bir sohaga e’tibor qaratilib, rivojlanish va taraqqiyot uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda.
Kelgusida hayot yo‘llarida ulkan natijalarni qo‘lga kiritish, Vatan taqdiri uchun daxldorlik hissi bilan yashash har bir insonning ezgu maqsadiga aylanmoqda. Islohotlarni amalga oshirish jarayoni "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik" shiori ostida yashayotgan yoshlarimizni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni buyuk bobolariga munosib etib tarbiyalash borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan qator masalalar borligini ko‘rsatdi.
Prezidentimiz Shakat Mirziyoyev raisligida 28 iyul kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida nogironligi bo‘lgan yoki ota-ona qaramog‘idan maxrum bolalar ta’lim-tarbiyasi, ularni uy, ish bilan ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni tarbiyalash va qo‘llab-quvvatlashning bir necha tuzilmalari yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, ayni kunda yurtimizdagi 13 ta Bolalar uyida 560 nafar, 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasida 1 ming 823 nafar, 86 ta maxsus maktab-internatda 21 ming nafar o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. Bundan tashqari, 79 ming nafar bolalar homiylik, vasiylik va oila patronati qaramog‘iga olingan. Ularning ta’lim-tarbiyasi, uy va ish bilan ta’minlanish masalalari hamisha davlatimiz e’tiborida.
[gallery-3252]
Yig‘ilishda yurtimizda voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha komissiyalari tugatilib, o‘rniga Bolalar masalalari bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etilishi, ushbu komissiyaning asosiy maqsad va vazifalari belgilab berildi, 16 ta "Mehribonlik uyi" va 4 ta "Bolalar shaharchalari" Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidan chiqarilib, Milliy gvardiya tasarrufiga o‘tkazilishi ta’kidlandi.
Bu ota-ona mehridan mahrum va nogironligi bor bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyatning faol a’zolari sifatida tarbiyalash masalasi hamisha davlatimiz e’tiborida ekanligini ko‘rsatadi. Endi Prezidentimiz ta’kidlaganidek “birorta bola “men yetim yoki nogironman” deb o‘ksinmasligi, mehr va e’tibordan chetda qolmasligi uchun zarur barcha ishlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, yig‘ilishda ana shu toifadagi bolalarni zamonaviy kasb-hunarga o‘qitish, bilim olishiga barcha sharoitlarni yaratib berish barchamiz uchun nafaqat vazifa, balki muqaddas burch ekanligi ham aytib o‘tildi. Shu o‘rnida Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari mehribonlik uylari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ana shu muassasalarda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan qator rejalar tuzib olganligini alohida ta’kidlashim o‘rinli.
"Har bir bola - e’tiborimizda!" shiori ostida Andijondagi Bolalar shaharchasida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy tadbir ham institut jamoasining ana shu rejasi doirasidagi xayrli ishlardan biridir.
Aslida bolalarga berilayotgan e’tibor kelgusida Yangi O‘zbekistonning ertasi bo‘lgan kelajagimiz davomchilarini tarbiyalash ekanligi nazarda tutiladigan bo‘lsa, ziyolilar zimmasida ulkan vazifalar turibdi.
Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ta’kidlab o‘tilganidek, "Mehribonlik uylari"da ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bog‘liq ishlar qoniqarsiz ahvolda ekani, bitiruvchilarining ish bilan to‘liq ta’minlanmagani kabi muammolar borligi bu sohada yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligi va jiddiy munosabat nihoyat darajada zarur ekanligini anglash mumkin. Shu ma’noda ana shu muammolarning bartaraf etilishi, oramizda qalbi o‘ksik bolalar bo‘lmasligi uchun fidoiylik bilan ishlash talab etiladi. Qachonki, biz ziyolilar, bolalarga ular doimiy e’tiborda ekanini, mehrimiz hamisha baxshidaligini singdira olsakgina, o‘z oldimizga qo‘ygan vazifani bajargan bo‘lamiz.
Bolalar shaharchasida o‘tkazilgan tadbir beg‘ubor qalblarga bir olam sevinch ulashdi, yuzlardagi quvonch, samimiyatni ko‘rib, barchamizning ko‘nglimiz tog‘dek ko‘taridi. Quvonchdan ko‘zlari porlagan, beg‘ubor bolajonlarni ko‘rib, biz ham bolalik-poshsholik bo‘lgan davrga qaytgandek bo‘ldik.
Bolajonlar bilan suhbatu muloqotlarimiz shu qadar samimiy bo‘ldiki, go‘yo ular bilan so‘zsiz dillashdik, ko‘zlar bilan yuraklariga mehr ulashdik. Birga o‘ynadik, quvondik. Bor mehrimizni, yuragimiz qo‘rini ularga berdik.
Tadbirda talabalar qo‘g‘irchoq teatrining chiqishlari, milliy va zamonaviy raqslar, rasmlar tanlovlari, ertak qahramonlari bilan uchrashuvlar har bir bolaning qalbiga olam-olam quvonch va ezgulikni hadya etdi. O‘sha onlarda kelajagimiz davomchilarining yuzlaridagi shodlikni ko‘rib, bolalarga bering dunyoni, sho‘x-shodon kulgulari bilan dunyoni to‘ldirsin, ajib raqslari bilan ko‘ngillarga surur ulashsin, degim keldi.
Bolajonlarning masum ko‘zlariga boqib, har bir bola e’zozu ardoqqa, mehrga loyiq ekanligini his qildim! Chunki yurtimiz ertasi bo‘lgan aziz bolalarimiz buyuk bobokalonlarining munosib davomchilaridir. Ulug‘ ajdodlarimizning munosib davomchilarni tarbiyalash har bir ziyolining muqaddas vazifasi va bu yo‘lda fidoiylik asosiy mezon bo‘lmog‘i lozim.
Mirzohid BOTIROV,
Andijon davlat tibbiyot instituti prorektori