Birmiz! Bu baloni birgalikda yengamiz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 26-mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 26-mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Yigʻilishda davlatimiz rahbari xalqimizga murojaat qilib, butun dunyoda, jumladan Oʻzbekistonimizda kechayotgan pandemiyaga qarshi kurashda masʼul, intizomli va hamjihat boʻlishga chaqirdi.
Mamlakatimizda koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha Bosh vazir rahbarligida respublika komissiyasi tuzilib, jiddiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Maxsus inqirozga qarshi kurash fondini tashkil etilganligi, jadal suratlarda boshlangan maxsus kasalxonalar qurilishi, ekspress tashxis jihozlarini xorijdan keltirish, taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonni masofaviy rejimga oʻtkazilganligi, karantin talablarini kuchaytirish boʻyicha qonunchilikdagi oʻzgarishlar boʻyicha qarorlarni oʻz vaqtida qabul qilindi. Ayrim rivojlangan mamlakatlarda ushbu tezkorlikni taʼminlanmaganligining ayanchli oqibatlarini afsus bilan kuzatayapmiz.
Fidoiy tibbiyot xodimlari mehnatini qadrlash, xizmatini baholashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tizimni kerakli dori-darmon, tibbiy uskuna va buyumlar bilan taʼminlashdek kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemologiya xizmati xodimlarini qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori muhim ahamiyatga ega.
Yurtdoshlarimizni, xalqimiz vakillarini chet ellardan qaytarib kelish, ularning salomatligini aniqlash, lozim hollarda karantinga olish choralari koʻrilmoqda. Karantinga olishga moslashtirilgan maskanlar barpo etish ishlari jadal olib borilmoqda.
Shu bilan birga, taʼkidlash lozimki, biz oʻzimiz, har birimiz oʻzimiz uchun, oʻzimizning sogʻligimiz uchun, oilamiz va yaqinlarimiz uchun masʼuliyat his etayapmizmi? Dunyoda kechayotgan voqealardan xabardorlik darajamiz yetarlimi? Mamlakatimizda olib borilayotgan ishlardan-chi? Ularning mohiyatini anglayapmizmi? Bugun har birimiz oʻzimizga quyidagi savollarni berib qoʻyishimiz shart va zarur. Davlatimiz biz uchun, har bir fuqarosi uchun qaygʻurayotgan damlarda men oʻzim uchun qaygʻurayapmanmi, deya oʻzimizga murojaat qilishimiz kerak. Rahbariyat tomonidan masʼullikning yuqori darajasi va xalqparvarlik koʻrsatilayapti. Olib borilayotgan saʼy-harakatlarni yoʻqqa chiqarmaslik uchun biz nima qilayapmiz? Ichki ishlar vazirligining rasmiy maʼlumotlariga koʻra bir kunda karantin holati talablarini buzganligi uchun 3 mingdan ortiq fuqarolar jarimaga tortildi. 10 ga yaqin fuqarolarga jinoyat ishi ochildi. Bu nima degani? Biz va bizni farzandlarimizning xavfsizligi uchun oʻzimizga bogʻliq boʻlgan ishlarni biz uchun kim qilib berishi kerak?
Kasallikning tarqalish jarayoni koʻrsatmoqdaki, hech kim bu virusni yuqtirib olmaslikdan kafolatlanmagan. Shu sababdan eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻyish, oʻzini bu xavfdan holi his etish kabi tuygʻularga berilish davri emas. Beparvo, oʻz taqdiri uchun befarqlar tomonidan oʻylab topilgan — “qirq yil qiron kelsa ham ajali yetgan...” qabilida ish tutish mutlaqo kechirib boʻlmas xatolikdir.
Xalqimiz orzu-niyatli xalq. Yaxshi kunlarini qarindoshlar, yaqinlar davrasida oʻtkazadi. Toʻylar, tomoshalar qiladi. Bu azaliy qadriyatlarimizning uzviy boʻlagidir. Yaxshi niyatda yozilgan dasturxonimiz azaga aylanib ketmasligini his qilishimiz, tushunishimiz darkor. Xalqimizning “oʻzini asraganni Yaratgan asraydi”, degan ibratli maqoli bor. Shu oʻrinda bu baloni Yaratgandan sinov boʻlib keldi deyish mumkin. U bizni inson sifatida shukrdan uzoqlashganligimizni, buyuk inoyat — sogʻligimizga nisbatan shafqatsiz boʻlib ketganimizni, atrofimizdagilarga beʼetibor, beoqibat boʻlib ketayotganimizni eslatayotgandek. Toʻrt muchasi sogʻ-salomat, togʻni ursa talqon qilgulik tanasi bilan “davlat menga tayyor bersin” deya ayuhannos solayotgan er kishi-yu, beshta farzandni besh otasidan aliment undirolmay shikoyatlarini ortidan yugurishga ulgurmayotgan “onaxonlar”ni ham koʻrayapmiz. Prezident el dardini tinglash uchun tashabbus qilgan qabulxonalarni qarz bermagan qoʻshnimizu, molxonamizni tozalab bermagan mahalla raislarini shikoyati bilan toʻldirib tashladik...
Xalqimiz ne balolarni boshdan oʻtkazmagan, urushlarni koʻrgan, ocharchiliklarga bardosh bergan. Barcha qiyinchiliklarni doim ham yuksak intizom, sabr-bardosh bilan yengib kelgan, gʻolib boʻlgan. Keksalarimizning urush yillari xotiralari eslaylik. Ocharchilik xalqning tinkasini quritish barobarida har xil kasalliklar xurujlariga duch kelgan, lekin ularni mardonavor yengib oʻtgan. Mardona qarshi turish xalqimizga xos xususiyat. Shu oʻrinda ikkinchi jahon urushi davrida Niderlandiyada asirlikda boʻlgan bir yuzu bir oʻzbek askarlari haqidagi xikoyani eslash joiz. Oylab och qolgan oʻzbeklarni oldiga “tomosha koʻrish uchun” tashlangan bir burda nonni talashmasdan, teng taqsimlab olib oʻzbek xalqining gʻururi, oriyati va intizomini namoyon qilganlar. Ogʻir kunda hamjihatlik va birdamlikning oliy namunasini koʻrsatishgan.
Bugungi voqelik, mamlakatimizda kechayotgan jarayon bizga kimligimizni, kimlarning avlodi ekanligimizni unutmaslikka undaydi. Biz koronavirus balosiga faqatgina birlashib qarshi turishimiz mumkin.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi xalqimizga “Birmiz! Qalban birgamiz! deya daʼvat etmoqda. Har birimiz oʻzimizga va atrofimizga nisbatan masʼul boʻlaylik. Bu baloni faqatgina birgalikda yengishimiz mumkin ekanligini anglab yetaylik. Oilamiz, farzandlarimiz, xalqimiz va jonajon vatanimiz oldidagi masʼuliyatimizni namoyon qiladigan vaqt keldi.
Alisher Qodirov,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi