Birlashgan holda bu ofatni yengamiz
Shu kungacha ushbu maqolni xuda-behuda ishlatar edigu magʻzini doim ham chaqmasdik.
Salomatlik – tuman boylik. Shu kungacha ushbu maqolni xuda-behuda ishlatar edigu magʻzini doim ham chaqmasdik. Mana yarim yildirki koronavirus pandemiyasi sharoitida ushbu naqlning haqiqiy maʼnosini anglab yetdik. Darhaqiqat, karantinda koʻpgina qadriyatlarning, biz uchun muhim narsalarning mazmuni umuman oʻzgarib ketdi.
Koronavirus kirib kelishidan bir necha oy oldin hukumat tomonidan oʻz vaqtida oʻrnatilgan cheklovlar, ommaviy axborot vositalarimizning faol targʻiboti va eng asosiysi xalqimizning xavfni toʻgʻri anglab yetgani bois kasallik maʼlum vaqtga jilovlandi. Ammo koʻpgina xorij mamlakatlarida boʻlgani kabi kasallikning ikkinchi toʻlqini birinchisidan bir necha barobar kuchli keldi. Birinchi toʻlqindagi bir oyda kasallanganlar miqdori bugungi kunda maʼlum soatlar ichida aniqlanmoqda. Afsuski, kasallikdan vafot etganlar soni ham bir necha baravarga koʻpaydi.
Oʻz-oʻzidan bosimning ortib ketishi kasallikka qarshi kurashda shifokorlar va sanitariya-osoyishtalik markazi xodimlarining ish sifati va samaradorligiga salbiy taʼsir oʻtkazmasdan qolmadi. Tibbiyot xodimlari, koykalar, test olish komponentlari soni kasallik oʻsish dinamikasiga nomutanosibligi sababli maʼlum bir qiyinchiliklar kelib chiqdi.
Buni bartaraf etish boʻyicha bir necha yigʻilishlarda Prezidentimiz tomonidan qatʼiy topshiriqlar berildi hamda zaruriy barcha choralarni koʻrish lozimligi taʼkidlandi. Albatta topshiriqlar ijrosi taʼminlanishi boʻyicha qoʻshimcha koykalar shakllantirildi, zaruriy dori vositalarining zahiralari yaratildi, kasallikni yengil shaklidagi uyda davolanayotganlarga bepul dori vositalari yetkaziladigan boʻldi, ularga xizmat koʻrsatuvchi tezkor guruhlar soni oshirildi.
Ustimizga yopirilgan ofatni bartaraf etish uchun hukumat tomonidan sezilarli qadamlar tashlandi. Ammo tan olish kerakki, davlat har qancha harakat qilmasin bu dushman ustidan bir oʻzi hech qachon gʻolib boʻla olmaydi. Virusga qarshi jangda davlatning asosiy tayanchi xalqimiz hisoblanadi. Barcha sohalar, barcha fuqarolar uchun qiyin boʻlib turgan davrda har bir fuqarolarimiz oʻzini-oʻzi, sogʻligʻini oʻylagan holda hamma belgilangan talablarga, karantin qonun-qoidalariga qatʼiy amal qilishini soʻrab qolamiz.
Dono xalqimizda kasallikning davolagandan koʻra oldini olgan maʼqul degan naql bor. Ushbu virus ham bizga yuqmagan paytda, himoya vositalarini qoʻllagan taqdirimizda oddiy zarradan farqi yoʻq. Shunchalar kuchsiz va ojiz, ammo ehtiyotsizligimiz yoki boshqa sabab bilan ichimizga tushib olsa, uning kuch-qudrati oshib boradi. Oʻzimiz bilan birga atrofimizdagi yaqinlarimizga ham hujumga oʻtadi. Shu boisdan sogʻligimiz, yaqinlarimiz taqdiri uchun eng avvalo oʻzimiz barcha masʼuliyatni zimmamizga olgan holda kasallikni bizga yaqinlashishiga, qadrli insonlarimizga zarar yetkazishiga yoʻl qoʻymaylik.
Birgina qilingan befarqlik yoki istihola sabab qanchadan-qancha muammolar, ogʻriqlar, ayriliqlar kelib chiqayotganini barchamiz koʻrib, bilib turibmiz. Shuning uchun hushyorlikni har qachongidan koʻpaytirib, beparvolik, loqaydlik singari illatlarni yoʻqotishimz darkor. Bu orqali biz nafaqat oʻzimizni asraymiz, balki ahvoli ogʻir yotgan yurtdoshlarimizga shifokorlarning yana-da koʻproq vaqt ajratishi, eʼtibor berishi natijasida ularning sogʻayishiga hissa qoʻshgan boʻlamiz.
Yuqorida bejizga virus bilan kurashni urushga oʻxshatmadik. Bu haqiqiy urush. Jangda ham ikki xil qahramonlar boʻladi. Birinchisi yovga bevosita qarshi chiqayotgan shifokorlar boʻlsa, ikkinchisi ularning qoʻllab-quvvatlaydigan, dalda berib turadigan, oʻz mehnati bilan kurashayotgan front ortidagilar aholimizdir. Yaʼni, ushbu ikki front birlashib yagona kuchga aylansa, gʻalaba albatta biz tomonda boʻladi.
Yuqorida bejizga virus bilan kurashni urushga oʻxshatmadik. Bu haqiqiy urush. Jangda ham ikki xil qahramonlar boʻladi. Birinchisi yovga bevosita qarshi chiqayotgan shifokorlar boʻlsa, ikkinchisi ularning qoʻllab-quvvatlaydigan, dalda berib turadigan, oʻz mehnati bilan kurashayotgan front ortidagilar aholimizdir. Yaʼni, ushbu ikki front birlashib yagona kuchga aylansa, gʻalaba albatta biz tomonda boʻladi.
Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri
oʻrinbosari, “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi