Birja – bozor iqtisodiyotida muhim omil
O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining Farg‘ona filialida “Birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish va birjada shaffoflikni ta’minlash” mavzusida tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Birja savdolari va elektron tijorat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasining Farg‘ona filiali faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan mazkur anjuman jonli muloqot tarzida o‘tkazildi. Shuningdek, unda birja savdolarining rivojlanishiga oid masalalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida Prezidentimizning 2022 yil 24 noyabrda qabul qilingan “Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi. Ta’kidlandiki, mazkur qaror ijrosi doirasida xorijiy ekspertlar va konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Mazkur strategiyaga muvofiq, birjaning yangi elektron birja savdolari va kliring tizimlarini joriy etish, davlat xaridlari va elektron tijorat savdo tizimlarini takomillashtirish rejalashtirilgan.
[gallery-12902]
Shuningdek, joriy yil 3 iyuldan boshlab 2023 yil bug‘doy hosilidan vaqtinchalik saqlashga topshirilgan 3-sinf bug‘doy O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasining ochiq birja savdolari orqali sotila boshlandi. Mahalliy g‘alla yetishtiruvchi fermerlar va g‘allachilik klasterlari o‘z mahsulotlarini bozor tamoyillari asosida erkin sotmoqda. Bu, o‘z navbatida, ularning moddiy manfaatdorligini oshirib, mazkur bozorda raqobat muhitini yaratib bermoqda.
Bundan tashqari elektron tijorat sohasi, shu jumladan, birjaning avtoraqamlarni sotish bo‘yicha elektron savdo tizimida ham joriy etilmoqda. Onlayn-auksionda xarid qilingan avtoraqamlarni rasmiylashtirish muddati 10 kundan 30 kungacha uzaytirildi.
Tadbir davomida ommaviy axborot vositalari vakillari birja filiali faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA