Birinchi qo‘ng‘iroq: Prezident sovg‘asidan yangi darslargacha(+video)
Yurtimizda bu yilgi “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o‘tdi. Jumladan, poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 154-maktabda tashkil etilgan tadbirda davlatimiz madhiyasi yangrab bo‘lgach, Prezidentimizning maktab o‘quvchilari va ustoz-murabbiylarga tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda so‘zga chiqqanlar yangi o‘quv yilida kutilayotgan yangiliklar va sohadagi o‘zgarishlar haqida so‘z yuritishdi.
Ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan jajji o‘quvchilarni kutib olish marosimi xis-hayajonli kechdi. Sahnaga 130 nafar bolajonning kirib kelishi, ota-onalarining quvonchi, bayram munosabati bilan ijro qilingan jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Birinchi qo‘ng‘iroqdan so‘ng ularga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat “Prezident sovg‘alari” taqdim qilindi. Shundan so‘ng, barcha ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi “Kelajak soati” darslari bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, vazirlik tomonidan 2026-2027 o‘quv yili uchun ishlab chiqilgan “Kelajak soati” dasturlari asosida har bir yosh guruhi uchun alohida dars ishlanmalari, ssenariylar, vizual va interaktiv materiallar asosida tayyorlandi. Ushbu materiallar “milliytarbiya.uz” platformasiga joylashtirildi.
Bundan tashqari, maktabgacha va maktab ta’limi sohasida ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, uning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash maqsadida davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturlari xalqaro tajribadan kelib chiqib, yangidan ishlab chiqildi.
O‘quv qo‘llanmalar o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda, oddiydan murakkabga qarab tuzilgan bo‘lib, 7 qismdan iborat. Yangi o‘quv yilidan 17 soatlik (2 haftada 1 soat) darsdan tashqari mashg‘ulot sifatida amaliyotga joriy etib borilishi rejalashtirilgan.
Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Asliddin Alijonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA