Bir yillik sarsongarchilik sud orqali hal bo‘ldi
Navoiy viloyati Karmana tumanining “Varq” mahallasida yashovchi Farida Ulug‘ova O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edi.
Murojaatda keltirilishicha, fuqaro 2021 yil 10 avgust kuni Navoiy shahar “Darxon” bozori hududida joylashgan “Murod mebel” MCHJdan Xalq banki tomonidan ajratilgan 25 million so‘mga 4 dona tikish mashinalarini olgan. Ammo oradan bir hafta o‘tib MCHJ xodimlari kelib “Bankdan o‘tkazilgan mablag‘ hali MCHJ hisob raqamiga tushmagan”, degan bahona bilan mashinalarni qaytarib olib ketgan. Garchi pullar tegishli hisob raqamga o‘tkazilgan bo‘lsa-da, shu kunga qadar, ya’ni bir yildan buyon ham MCHJ tomonidan tikish mashinalari fuqaroga yetkazib berilmagan.
Murojaat Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. Xizmat ko‘rsatuvchi MCHJ bilan olib borilgan tushuntirishlardan natija bo‘lmagach, fuqaroning manfaatini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritildi.
Da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudi tomonidan ko‘rib chiqildi. Sud MCHJ hisobidan fuqaro F.Ulug‘ova foydasiga 4 dona tikuv mashinasi uchun to‘langan mablag‘, ma’naviy zarar uchun 1 million so‘m hamda 1 million 560 ming so‘m Davlat boji undirilishi to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA