Bir yilda 18,6 kilogramm giyohvand modda to‘xtatildi
26 yanvar – Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni
Mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash va yashirish iqtisodiyotga qarshi kurashishda bojxona organlarining munosib o‘rni bor. Ayniqsa, eksport-import operatsiyalarining amaldagi tartib-qoidalarga muvofiq amalga oshirilishi, noqonuniy tovar moddiy-boyliklar aylanmasining oldini olishda mazkur idora faoliyati muhim ahamiyatga ega.
Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda davlat byudjetiga tushayotgan bojxona to‘lovlari hajmi sezilarli darajada o‘sgan. Xususan, 2023 yil davomida davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari 3,39 trillion so‘mni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 2,56 trillion so‘mga ko‘paytgan. Shu bilan birga tadbirkorlarga bojxona to‘lovlarida bir qator imtiyoz va pereferensiyalar berilgani ham o‘z samarasini bermoqda. Xususan, 2023 yilda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bojxona to‘lovlaridan 3,58 trillion so‘mga yaqin imtiyoz va tarif preferensiyalari qo‘llanildi. 2022 yilda esa 2,32 trln. so‘mlik shunday yordam ko‘rsatilgan.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili samarqandlik tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan 791,8 million AQSH dollari miqdorida eksport amalga oshirilgan va 2022 yilga nisbatan 140,4 million dollariga ko‘paygan. Xorijga asosan, meva-sabzavot mahsulotlari (26 foiz), transport va uning ehtiyot qismlari (21 foiz), to‘qimachilik mahsulotlari (14 foiz) sotilgan.
Import ham o‘tgan yilga nisbatan 730,9 million AQSH dollariga ko‘payib, 2 milliard 483 million dollarini tashkil etgan. Import qilingan asosiy tovarlarning salmoqli qismi transport va uning ehtiyot qismlari (18 foiz), texnologik asbob-uskunalar (16 foiz), metall va undan tayyorlangan buyumlar (14 foiz)dan iborat bo‘lgan.
Yil davomida samarqandlik bojxonachilar tomonidan 1128 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, 35 milliard 770 million so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq 29 ta holatda jami 18 kilogram 608 gramm giyohvandlik moddasi aylanmasining oldi olindi. Spirt va alkogolli mahsulotlarining noqonuniy aylanmasini fosh etish bilan bog‘liq 10 ta holatda 5 milliard so‘mlik 94 ming litr alkogol mahsulotlari hamda 18 holatda 2 milliard 465 million so‘mlik tamaki mahsulotlari to‘xtatib qolingan. Shuningdek, 49 holatda 4 milliard 651 million so‘mlik valyuta qimmatliklarining, 37 ta holatda 2 milliard so‘mlik zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasiga yo‘l qo‘yilmadi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri