Bir tup limondan 100 kilogramm hosil
Ishonish qiyin-a? Eshitsangiz-da, koʻrmaguncha bu gapga shubha bilan qaraysiz.
Ishonish qiyin-a? Eshitsangiz-da, koʻrmaguncha bu gapga shubha bilan qaraysiz. Ayniqsa, keyingi ikki-uch yilda tomorqasida issiqxona tashkil qilib, hali bu ishni toʻla yoʻlga qoʻyib olmaganlar limon daraxti buncha hosil berishiga ishonmasligi aniq.
Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi Mirzaolim mahallasi ahli bu ishning uddasidan chiqmoqda. Ular oʻz tomorqasidagi moʻjaz issiqxonalarda limon, pomidor, bodring va boshqa sabzavot ekinlaridan moʻl hosil olayotir.
– Bir necha yil oldin hovlimizda kichik issiqxona qurib, limon koʻchatlari ekkan edim, – deydi shu mahalladagi tadbirkor tomorqachilardan biri Fayzulla Rabbimov. – Ishni yoʻlga qoʻyib olguncha biroz qiynaldik, moʻljaldagi hosilni yetishtirolmadik. Ammo, yildan-yilga tajribamiz oshib, daromad koʻpaya boshladi. Keyin tomorqada va oʻgʻlimning hovlisida yana ikkita issiqxona tashkil etdik. Ayni paytda issiqxonalarimizning umumiy maydoni 5 sotix. 45 tup limon hozir toʻliq hosilga kirgan. Dastlabki ekilgan limon daraxtlaridan 100 kilogacha hosil olmoqdamiz. Oʻtgan yili 2 tonna hosil yetishtirgandik, bu yil 3 tonnadan koʻproq limon olishni moʻjallab turibmiz. Yana bir issiqxonada pomidor va bodring koʻchati parvarishlayapmiz. Soʻngra ushbu maydonda boshqa ekin ekamiz. Shu tarzda issiqxonada yil davomida dehqonchilik qilamiz. Daromad ham mehnatimizga yarasha – oʻtgan yil 50 million soʻmlik mahsulot yetishtirgan edik. Bu yil daromadimiz ancha salmoqli boʻladi, nasib etsa.
Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Paxtachi tumanida umumiy maydoni 38 gektar boʻlgan 642 ta issiqxona mavjud. Ularning 633 tasi dehqon va fermer xoʻjaliklarida yaratilgan yengil konstruksiyali issiqxonalar hisoblanadi. Birgina joriy yilda tumandagi aholi tomorqasida 1-2 sotixli 132 ta issiqxona tashkil etildi. Shuningdek, tegishli dasturlar asosida tadbirkorlik subyektlari tomonidan 5,6 gektar maydonda 5 ta zamonaviy issiqxona qurilib, sabzavot mahsulotlari yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.
Umuman, keyingi yillarda Samarqand viloyatining barcha tumanlarida, hatto Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shaharlarida ham zamonaviy issiqxonalar tashkil etish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Viloyat hokimligi iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi maʼlumotlarida qayd etilishicha, hozirda viloyatda 411 gektar maydonda 8 ming 870 ta issiqxona xoʻjaligi faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy qismi aholi xonadonlarida tashkil etilgani xalqimizning tomorqadan samarali foydalanishga intilishi kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, mazkur yoʻnalishda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyayotgan, fermerlik harakatini rivojlantirayotgan subyektlar soni ham yildan-yilga koʻpaymoqda. Ayni paytda viloyatda 137 gektar maydonda 122 ta zamonaviy issiqxona tashkil etilgan. Ularning 20 tasi (34,2 gektar) gidroponika usulidagi xoʻjaliklardir.
– Prezidentimizning joriy yil 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida bergan topshiriqlari hamda bir qator farmon va qarorlariga muvofiq, 2018-2019 yillarda Oqdaryo tumanida 300 gektar, Toyloq tumanida 53,8 gektar maydonda klaster usulida, Bulungʻur, Nurobod, Kattaqoʻrgʻon va Qoʻshrabot tumanlarining har birida 5 gektardan gidroponika usulida zamonaviy issiqxonalar tashkil etilishi belgilangan, – deydi Samarqand viloyati hokimligi iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Bahodir Sulaymonov. – Buning uchun tadbirkorlarga yer maydonlari ajratilib, amaliy ishlar boshlangan. 2019 yilda yana 200 gektar maydonda 98 ta zamonaviy issiqxona quriladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 noyabrdagi “Issiqxona komplekslarini rivojlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ushbu sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, ularga bir qator imtiyoz va imkoniyatlar berilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Qarorga koʻra, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saralash, kalibrlash, qadoqlash va eksport qilishning butun zanjirini qamrab olgan ishlab chiqarishning klaster shakli davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida joriy qilinadi. Muqobil energiya manbalari, samarador va tejamkor texnologiyalardan foydalangan holda issiqxonalarning zamonaviy komplekslari yaratiladi. Bozor talablari asosida ekologik toza mahsulotlar turini koʻpaytirish, hamkor davlatlar bilan yaqin aloqa oʻrnatish va eksport salohiyatini oshirish, ushbu yoʻnalishda malakali kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish, mehnat bozorida issiqxonachilik faoliyati bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarga boʻlgan talabni toʻla qondirish nazarda tutilmoqda.
Ushbu hujjat ijrosini taʼminlash, viloyatda resurs va energiya tejamkor issiqxonalar tashkil etishni kengaytirish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, sohani malakali kadrlar bilan taʼminlash va meva-sabzavot mahsulotlari eksportini kengaytirish maqsadida Samarqand viloyati hokimining qarori qabul qilinib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar belgilandi.
Qaror asosida Samarqand tumanida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan qishloq xoʻjalik axborot-maslahat markazi (ekstenshen markazi) tashkil etiladi.
2019 yil 1 martgacha issiqxona xoʻjaliklarining yagona maʼlumotlar bazasi toʻliq ishga tushirilib, ishlab chiqarilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarining tizimli hisobi yuritiladi. Urugʻchilikning zamonaviy tizimlari shakllantirilib, birlamchi urugʻchilik, yangi va istiqbolli navlarni sinash bilan shugʻullanuvchi urugʻchilik klasterlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va boshqa korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Bu saʼy-harakatlar tuprogʻi zar zaminimizda yilning toʻrt faslida ham sifatli meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish, dasturxonimiz toʻkin-sochinligini taʼminlash, mazkur tarmoqda faoliyat koʻrsatayotgan tadbirkor va fermerlar, tomorqachilarning moddiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qiladi.