Bir qator qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi
Oliy Majlis Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan qator qonunlar muhokama qilindi.
Dastlab, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonunning maqsadi davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan ochiq va shaffof, samarali va yaxlit tizimni yaratishdan iboratdir.
Muhokama jarayonida amaldagi qonunning ijrosi borasida mavjud bo‘shliq va muammolarga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, xaridlar aksariyat qismining ochiqlik va shaffoflikni ta’minlovchi axborot-kommunikatsiya tizimidan foydalanmagan holda amalga oshirilishi, xarid qilish tartibini nazorat qilish tizimining bugungi talabga javob bermasligi hamda davlat xaridlari sohasidagi hujjatlarga rioya etmaslik holatlariga yo‘l qo‘yishning ko‘payishi kabi kamchiliklar uchrayotganligi ta’kidlandi. Natijada birgina 2019 yilda 729 ta holatda 2 trillion 908 milliard so‘mlik shartnomalarning buyurtmachilar tomonidan berilgan buyurtmalar bo‘yicha tender savdolari o‘tkazilmasdan bitimlar tuzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Qonun davlat xaridlariga yo‘naltiriladigan byudjet mablag‘lari va boshqa markazlashgan manbalarning maqsadli ishlatish, hukumatning kafolatlangan kredit resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash, davlat sektorini zarur tovar, ish va xizmatlar bilan ta’minlashda qisqa muddatlarda “narx-sifat” ko‘rsatkichlarini uyg‘unlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali natijalarga erishish kabi dolzarb masalalar yechimida muhim o‘rin tutadi.
Yalpi majlisda “Ekologik audit to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama markazida bo‘ldi. Mazkur qonun bilan ekologik audit sub’ekti amalga oshiradigan xo‘jalik faoliyatini va boshqa faoliyatni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish yuzasidan ekologik auditorlik tashkiloti tomonidan tizimli, hujjatlashtirilgan va mustaqil baholashlar o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan ko‘zlangan maqsad ekologik audit sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Shu bilan birga, ekologik auditning asosiy prinsiplari mustaqillik, xolislik, maxfiylik va ishonchlilikdan iboratdir. Ekologik auditorlik tashkilotlari ekologik auditni o‘tkazish chog‘ida shartnomaga muvofiq xalqaro ekologik audit standartlarini qo‘llashi ham mumkin.
Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA