Bir milliard so'm xayriya yordami
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi qoshida tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga koʻplab fuqarolar murojaat qilib, xayriya qilish istagini bildirishmoqda.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi qoshida tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga koʻplab fuqarolar murojaat qilib, xayriya qilish istagini bildirishmoqda. Bu borada nafaqat oziq-ovqat mahsulotlari, balki aholi salomatligini asrash maqsadida zarur dori-darmon vositalarini xarid qilish va ularni ehtiyojmand aholi qatlamiga yetkazish uchun ham koʻpgina tashkilotlar xayriya mablagʻlari bilan yordam qoʻllarini choʻzishmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 20-maydagi “Oʻzbekiston – Amirliklar investitsiya kompaniyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5722-sonli Farmoni asosida tashkil etilgan “Oʻzbek Omon Investitsiya kompaniyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati hozirgi vaqtda yurtimizning xalqaro doiradagi investitsiya bozorida katta oʻrin tutadi. Koʻplab saxovatpesha tashkilotlar qatorida mazkur MCHJ ham mamlakatimizda koronavirus infeksiyasini tarqalishini oldini olish va xalqimizning ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan xayriya tadbirlariga oʻz hissasini qoʻshish maqsadida Oʻzbekiston “Mahalla“ xayriya jamoat fondiga qariyb 1 000 000 000 (bir milliard) soʻm miqdorida xayriya yordami oʻtkazib berdi.
Albatta, chinakam insoniylik sabogʻiga aylanib borayotgan bu kabi xayrli ishlar ortida yurtimiz aholisining turmush tarzi yana-da yaxshilanib borishi barobarida ertangi kunga boʻlgan ishonchi va intilishi yuksalib boradi. “Oʻzbek Omon Investitsiya kompaniyasi” MCHJ tomonidan ajratilgan bu xayriya mablagʻlari ham koʻplab oilalarga quvonch, dasturxonlariga toʻkinlik bagʻishlaydi.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi
matbuot xizmati