“Bir makon, bir yo‘l”ning Quvasoydagi korxonasi (+video)
Pekinda o‘tayotgan “Bir makon, bir yo‘l” III forumi chog‘ida Xitoy yetakchisi har sohada modernizatsiyalashuv umumiy farovonlik garovi bo‘ladi, dedi. Bundan o‘n yil avval o‘rtaga tashlangan loyiha va tashabbus bugun dunyoning 60 ga yaqin mamlakatida o‘z natijalarini ko‘rsatmoqda. Quvasoyning Pakana qishlog‘idagi “ART SOFT SERAMICS” korxonasi buning yorqin misolidir. O‘zbekistonlik tadbirkorlar hamda xitoylik muhandislar dunyo keramoplita sanoatidagi eng so‘nggi rusumdagi bosimli qoliplash uskunasi, pishirish qozonxonasi, printerlar keltirishdi va qisqa muddatda korxona tiklandi. Quvasoy atrofi qishloqlaridagi ishsiz yoshlar, bir qismi esa migrantlikdan qaytgan yigitlar ishga qabul qilindi.
– 300 ga yaqin ishchi 4 smenada ishlamoqda. Yana Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan 11 ta mutaxassis bo‘lib, ular kafel ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliy yoshlarga ustozlik qilishmoqda, – deydi korxona direktori Qahramon Husanov. – Korxonamiz shiori — “Oliy navli keramoplita ishlab chiqarish!”. Shuning uchun mahsulotimizga horijda ham talab katta. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, mana endi Ozarbayjonga mahsulot yuboryapmiz.

Keramoplitalar rang-barang dizaynda. Buyurtmachi istagini aytsa kifoya. U aytgan muddatda o‘sha dizayndagi mahsulot ishlab chiqariladi. Darvoqe, dizaynchi va nusha bosuvchi printer apparati operatorlari ham qishloq yoshlaridir.
– Mo‘yan qishlog‘idanman. Zamonaviy korxonalarda ishlashni havas qilar edim. “ART SOFT SERAMICS” zavodi ochilayotganini eshitib, bu yerga keldim. Meni printer sohasiga ishga olishdi, – deydi yosh mutaxassis Anvarxon Toshxo‘jayev. – Xitoylik muhandislar bilan kafelga gul bosuvchi eng zamonaviy printerni boshdan-oyoq yig‘dik. Shu jarayonda ular menga printerning ishlatish usullarini o‘rgatishdi. Mana endi o‘zim mustaqil ravishda printer operatori lavozimida ishlab kelyapman.


“ART SOFT SERAMICS” mahsulotlari turdosh korxonalarnikidan ko‘rinishi, pishiqligi, o‘lchamlarining qat’iyligi bilan ajralib turadi. Xolbuki, bu yerda ham O‘zbekiston xomashyosi ishlatiladi.
– 95 foiz xomashyo O‘zbekistondan, Angren va Chiroqchidan olamiz. 5 foizini esa Xitoydan keltiramiz. Kafellarni yaltiroq va xiralashtirilgan dizaynda, har birini 2 oy oralatib ishlab chiqarmoqdamiz, – deydi Qahramon Husanov. – Bugun quruvchilarning talabiga ko‘ra 60x60 sm o‘lchamdagi yuqori sifatli kafel ishlab chiqarilmoqda. Lekin biz 60x80, 60x100 sm o‘lchamda ham ishlab chiqarishimiz mumkin.
“Bir makon, bir yo‘l” loyihasining O‘zbekistondan o‘tadigan qismi Quvasoyda ikki mamlakat fuqarolarini birlashtirdi. Loyiha g‘oyasida ta’kidlanganidek, ularni manfaatlar birlashtirdi. Xolbuki, bir necha yillar avval Xitoy fuqarolari Quvasoyga kelib ishlashini tasavvur qilish qiyin edi. Bugun esa atigi 9 oyda bu korxona 1,5 mln. metr kvadrat keramoplita ishlab chiqardi.

– Men vaqtincha yollangan mutaxassis emas, balki “ART SOFT SERAMICS” korxonasining doimiy ishchisiman, – deydi xitoylik muhandis Jang Li Li. – Biz 11 nafar muhandis “Bir makon bir yo‘l” loyihasi doirasida O‘zbekiston Ruspublikasi Prezidenti tadbirkorlarga yaratib bergan qulay sharoit tufayli “ART SOFT SERAMICS” korxonasini qurib, ishga tushirdik. O‘tgan bir yilda korxona O‘zbekistonning yetakchi ishlab chiqaruvchisiga aylandi. Bu, avvalo, zamonaviy texnologiyalar joriy etilgani va mahsulot sifati bilan bog‘liq.

Zamon o‘zgardi. Odamlar ham. Endi, bizga bo‘laveradi, deydiganlar qolmadi. Mahsulot sifati birlamchi talabga aylandi. Bugun yurtimizning qaysi shahar-qishlog‘iga bormang, Quvasoy ishlab chiqarayotgan keramoplitalar bilan bezatilgan inshootlarni ko‘rasiz.
“ART SOFT SERAMICS” korxonasining rang-barang mahsulotlari O‘zbekiston bozorini allaqachon egallagan. Korxona muassislari esa ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga urg‘u berishmoqda. Ammo Yevropa mamlakatlaridan kelgan buyurtmalarga ko‘ra yaqin kunlarda keramoplita eksport qilinayotgan davlatlar qatoriga Germaniya ham qo‘shilishi kutilyapti.
Texnologik modernizatsiyalashuv iqtisodiy barqarorlikni ta’minlamoqda. Shuning uchun ham “Bir makon, bir yo‘l” forumida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Xitoy bilan ko‘p qirrali munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga qat’iy intilish bardavom ekanini ta’kidladi”.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GR8K0h3gQUg" title="“Bir makon, bir yo‘l”ning Quvasoydagi korxonasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), OʻzA