“Bir mahalla – bir mahsulot” samarasi (+video)
Toshkent viloyatida 2023-yilda poliz mahsulotlari yetishtirish 137.1 ming tonnani tashkil etib, respublikamizning boshqa hududlari orasida 9 o‘rinni band etdi. Aytish kerakki, poytaxt viloyati sanoat sohasida respublikada oldingi o‘rinlarni egallaydi va qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida hali ishga solinmagan imkoniyatlar ham bisyor. Aslida sanoati rivojlanmagan hududlarda dehqonchilik, tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish orqali aholini band etish yaxshi samara beradi.
Masalan, Bo‘ka tumanida shunday imkoniyatlar mavjud. Sanoati rivojlanmagan ushbu hududda Sirdaryoning “Sayxunobod tajribasi” kabi odamlarni ish bilan band etish imkoniyatlari o‘rganib chiqilmoqda. Zero, bu yerda aholi ixtiyoridagi tomorqa yerlari 15-20 sotix va undan ziyodni tashkil etadi. Jumladan, Shuhrat Shukurov xonadonining 6 nafar a’zosi tomorqada daromad topadi. Jami 50 sotox maydonning biror-bir qarich yeri bo‘sh turgan emas. Tomorqasining yarmini 4ta issiqxona egallaydi va ular isitilmaydi. Yiliga 3-4 marta hosil olib, oila 200 million so‘mdan ziyod daromad ko‘radi. Bozordan deyarli mahsulot sotib olinmaydi. Ro‘zg‘or uchun ham barchasi tomorqasidan chiqadi.
Umuman bugungi kunda Bo‘ka tumanida 25 ming nafar aholi ixtiyorida 2800 gektar tomorqa yerlari mavjud bo‘lib, nafaqat poytaxt aholisini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlaydilar, balki xorijga ham eksport qiladilar.
Shu bilan birga “Qoraquduq” mahallasida endilikda parrandachilik ham keng rivojlana boshladi. Jarlikda tabiiy oqib o‘tuvchi sizot suvlarini qisman to‘sib, sun’iy hovuz yaratgan Obidjon Odiljonov qisqa vaqt ichida o‘rdak va g‘oz ko‘paytirishni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu hududdagi tashlandiq bo‘sh turgan 12 sotix yerni o‘zlashtirib, 130 bosh indoutka (o‘rdak), 150 bosh g‘oz ko‘paytirishga erishdi.
- Tomorqaning har bir qarich yeridan maqsadli foydalanish, uni daromad manbaiga aylantirish borasida hozirda tomorqachilarimiz o‘z yerlarining pastki qismida joylashgan jarlikdan o‘zlari hisobidan yoki mablag‘i yetmaganlarga Fermerlar kengashi huzuridagi jamg‘arma hisobidan imtiyozli kreditlarni olib, ko‘l ochib, o‘rdak boqishni yo‘lga qo‘ymoqdalar, - deydi Bo‘ka tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi agronomi Hakimjon Pardayev. - “Qoraquduq” mahallasida tajriba sifatida qilinuvdi, hozir mana ko‘rib turganingizdek, tomorqa egalari e’tibor qaratib, shu soy yoqasidagi tashlandiq bo‘lib turgan yerlardan foydalanib, o‘rdak boqishni yo‘lga qo‘ymoqdalar.
Obidjonning omilkorligi qo‘shnilarga ham ijobiy ibrat bo‘ldi. Endilikda jarlikdagi bo‘sh yerlar birin-ketin boshqa tashabbuskorlar tomonidan band etilmoqda. Ushbu hududda yaqin orada o‘rdakchilik mahallasi vujudga kelsa ajabmas.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/uNQizR-hFLg?si=Lf95_XiKhyBVHOZS" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Muslim Yusupov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA